Samarqand Qozog‘istonning Turkiston viloyati bilan hamkorlik qiladi
Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston – Qozog‘iston to‘rtinchi hududlararo forumida shunday kelishuvga erishildi.
Forum ishida ikki davlat hukumati a’zolari, hududlar rahbarlari va tadbirkorlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov hamda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri O.Bektenov davlatlarimiz rahbarlarining samimiy munosabatlari va oqilona tashqi siyosatlari tufayli keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib, barcha sohalarda ijobiy o‘sish kuzatilayotganini qayd etdilar.
Keyingi 7 yil ichida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida o‘zaro savdo aylanmasi deyarli 2,5 barobar o‘sib, o‘tgan yili 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 1100 ga yaqin, Qozog‘istonda esa O‘zbekiston kapitali ishtirokida 3600 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Mavjud zaxiralardan samarali foydalangan holda yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning shu yil avgust oyida Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida umumiy qiymati 7 milliard dollarlik shartnoma va bitimlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu hujjatlarning ijrosini ta’minlashda hukumatlar va mintaqalar rahbarlari o‘zaro hamkorlikda ish olib borishi zarurligi ta’kidlandi.
Tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishda hududlararo aloqalar haqiqiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilayotganini e’tirof etdi. Jumladan, Samarqanddagi “Azia Metall” kompaniyasi Taraz shahrida po‘lat mahsulotini ishlab chiqarish zavodini qurmoqda.
Bosh vazirlar O‘zbekiston va Qozog‘istonning barcha viloyatlari hamda shaharlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga har tomonlama yordam berishga tayyorliklarini tasdiqladilar.
Forumda hududlararo aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish yuzasidan muhim taklif va tashabbuslar bildirildi. Davlat rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Bir qator vazirliklar va mintaqalar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, birgalikda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.