Samarqand ramzini yaratish taklif etildi

Butunjahon turizm kuni munosabati bilan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning viloyat turizmni rivojlantirish jamoatchilik kengashi a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuv Samarqand shahrida yangidan faoliyat boshlagan "Grand Changan" restoranining ochilishi bilan boshlandi.

 

Ishtirokchilar xitoylik investor hamkorligida tashkil etilgan ushbu restoranda mehmonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

 

Shundan so‘ng viloyatda turizmni rivojlantirish, yangi yo‘nalishlar tashkil etish, mahalliy hamda xorijiy sayyohlar sonini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.

 

Dastlab viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Suyunov joriy yilning 8 oyi davomida turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

 

Ta’kidlanishicha, 8 oyda viloyatimizga 2,2 million xorijiy, 4,3 million mahalliy sayyohlar tashrif buyurib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bu ko‘rsatkich 140 foizga o‘sgan. Turizm xizmatlari eksporti esa 441,1 million dollarga yetkazilgan.

 

O‘tgan davrda viloyatda 194 ta joylashtirish vositalari, jumladan, 13 ta mehmonxona, 37 ta xostel, 144 ta oilaviy mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, joylashtirish vositalari soni 821 taga, o‘rinlar soni esa 22 ming 680 taga yetkazilgan. Shuningdek, joriy yilda 63 ta turkompaniyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning soni 451 taga yetgan.

 

Adiz Boboyev  viloyatda turizm infratuzilmasini takomillashtirish, zamonaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, muammolarga yechim topish, shuningdek, yangi loyihalar orqali hududning sayyohlik salohiyatini to‘liq ishga solish bo‘yicha soha mutaxassislarining takliflarini so‘radi. 

 

Uchrashuvda turizmni rivojlantirish, bu borada xalqaro tajribalardan foydalanish, Samarqand ramzini yaratish va sohaga startap loyihalarni joriy qilish yuzasidan taqdimotlar qilindi.

 

Tadbir yakunida 27 sentyabr – Butunjahon turizm kuni munosabati bilan viloyatimizda turizm rivoji uchun munosib hissa qo‘shib kelayotgan soha mutaxassislari va tadbirkorlarga viloyat hokimining tashakkurnomasi topshirildi.