Samarqand safari va havasga burkangan oqshom

Samarqand dunyoni hamisha o‘ziga maftun etib kelgan azim kent. Yo‘l olganimiz ko‘hna va zamonaviy shahar bizni haroratli nafasi, qadim va navqiron obidalari, yuzi nonidek taftli kishilari ila qarshi oldi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari bilan shu kungi safarimiz Samarqandning go‘zal shoirasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni va “Shuhrat” medali sohibi Xosiyat Bobomurodovaning qutlug‘ 70 yillik tavallud sanasi munosabati bilan bo‘ldi.
“Men suyub gul uzsam emasman jallod –
Men uzmagan gullar qilsinlar faryod”, satrlari muallifi bo‘lmish shoiraning “Samarqandga maktublar”, “Daryodan qatra”, “Vatan yagonadir”, “Qirq yigit qissasi”, “Qizilqum malikalari” kabi o‘ttizdan ziyod she’riy to‘plami kitobxonlar qo‘liga, ko‘ngliga yetib borgan.
Asosiy tadbir kunning ikkinchi qismida “Bog‘ishamol garden” nomli shinam bog‘da tashkil etildi. Viloyat hokimligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi vakillari qatori boshqa ko‘plab tashkilot xodimlari ishtirok etgan tadbir juda fayzli va xushkayfiyatda o‘tdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq shoirani tabriklab, uyushma raisining tabrigi va sovg‘alarini yetkazdi. Shundan so‘ng uyushma a’zolari, shoiraning do‘stlari Farmon Toshev, Sharifa Salimova, Shahodat Isaxonova, Munavvara Usmonova, Dilbar Haydarova, Mehribon Abdurahmonova, Shodmonqul Salom, Toshpo‘lat Tugalov va boshqalar so‘zga chiqib opani muborakbod etdi. Qo‘llari gullarga to‘lgan Xosiyat opa o‘tgan umr yo‘llari, shunday kunlarda yonida bo‘lgan do‘stlari haqida samimiy so‘zladi va tadbir tashkilotchilari hamda mehmonlarga minnatdorlik bildirdi.
Kechani yanada munavvar etgan jihat – Xosiyat Bobomurodovaning viloyat hokimligi homiyligida chop etilgan ikki jildlik yangi saylanma kitobining tarqatilgani bo‘ldi. Tavallud kuniga munosib sovg‘a bo‘lgan qo‘sh kitob davra ishtirokchilari qo‘liga tutqazildi. Shu kuni hammaning tilida, dilida bir juft yorug‘ so‘zni ilg‘adim. U ham bo‘lsa shoiraga bo‘lgan mehr va havas edi. Zero, adabiyoti, unga qo‘shtomir bo‘lgan shoiri ulug‘langan yurtning bunday tantanalariga faqat havas qilish mumkin.
Safar yorqin taassurotlarga, yodda qolarli hodisalarga boy bo‘ldi. Bular ichida Xosiyat opa xonadonidagi ijodkorlar uchrashuvi, hamroh opalarimning dilkash suhbatlari, olim Xurram Rahimovning ilm bobidagi hur fikrlari, yana ziyorat chog‘ida kaminaning adashib, ismunchoq tutgan bir to‘da lo‘lilarga chap berib qolganim sir bo‘la qolsin...
Nargiza Asadova,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.