Samarqand shahri qishki mavsumga qanday tayyorlanmoqda?

Shahar hokimligi tomonidan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ijtimoiy soha ob’yektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rganish bo‘yicha jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Dastlab jurnalistlar shaharning Kulollar mahallasida joylashgan, joriy yil Investitsiya mablag‘lari asosida qayta ta’mirdan chiqarilgan 43-maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi. Ikki milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangan mazkur MTTda 60 nafardan ziyod bolajonlarga 12 nafar o‘qituvchi va tarbiyachilar saboq bermoqda. Muassasa tabiiy gaz va elektr energiyasiga moslashtirilgan 2 ta zamonaviy pechlar yordamida isitiladi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari 71-maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda «Sam Golden kids» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham bo‘lib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rgandi.
Press-tur ishtirokchilari viloyat Matbuot uyida shahar hokimi B.Obloqulov bilan uchrashib, ijtimoiy soha ob’yektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan aholi qatlamini uy-joy bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Ta’kidlandiki, 2021 yil davomida 853 nafar fuqaroga subsidiya ajratilishi belgilangan. Biroq hozirga qadar 3800 ga yaqin arizalar qabul qilingan. Ulardan 853 tasi ijobiy xulosa olgan bo‘lsa, 1252 ta arizaga rad javobi berilgan. Qolgan murojaatlar maxsus komissiya tomonidan o‘rganib chiqilmoqda. O‘tgan yili 533 ta ijobiy xulosa olgan fuqarolarga moliya bo‘limlari tomonidan 20,331 milliard so‘m, tijorat banklari tomonidan esa 133,5 milliard so‘m ipoteka kreditlari ajratilgan.
Samarqand shahrida 1024 ta ko‘p qavatli uy-joylarga 115 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va 11 ta professional boshqaruv tashkilotlari xizmat ko‘rsatadi. Joriy yilda shahardagi 7,8 milliard so‘m ajratilib, 40 ta liftlar yangisiga almashtirildi, 227 ta eski liftlar esa joriy ta’mirlandi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 140 ta ko‘p xonadonli uy-joylarning tom qismi joriy, 105 ta uyning fasad qismi, 58 ta uyning yerto‘lasi, 26 ta kirish yo‘laklari ta’mirlanib tartibga keltirildi. Tashqi yoritish tizimlari, irrigatsiya va obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Samarqand shahridagi RK-2 qozonxonasini “FCG Design and Engineering Ltd” (Finlandiya) kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan modernizatsiya va rekonstruksiya qilingach, A va B kichik tumanlar, Sug‘diyona va Sartepa massivlarida joylashgan 381 ta ko‘p qavatli uylarda markazlashgan issiqlik ta’minoti qayta tiklanadi.
- Shahrimizdagi 193 ta mahalladagi 119,2 mingta xonadon tabiiy gaz, qolgan mahallalardagi 6873 ta aholi xonadonlari esa suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan, - deydi B.Obloqulov. – 2,7 kilometr gaz quvuri mukammal ta’mirlanib, 1,5 kilometr gaz quvuri rekonstruksiya qilindi. Besh dona statsionar, 2344 dona gaz taqsimlash qutilari ta’mirlandi. Ayni paytda tarmoqlar orqali 78 ming metr.kub/soat tabiiy gaz berilmoqda. Biroq shahar aholisini yetarli miqdorda ta’minlash uchun 150 ming metr. kub/soat tabiiy gaz talab etiladi. Qishning sovuq kunlarida g‘aflatda qolmaslik uchun soha mutaxassislari bilan ish olib boryapmiz.
Matbuot anjumanida mutasaddilar jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.
H.ELTOYeV (foto).