Samarqand shahrida ishlamayotgan korxonalar holati o‘rganilib, sabablari tahlil qilindi

Soliq xizmati idoralarida tadbirkorlarga ko‘maklashishni amaliyotga joriy qilish maqsadida “Soliqchi - tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.

Shu munosabat bilan Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar belgilab olingan.

Joriy yilning boshidan hozirgi kuniga qadar Samarqand shahridan soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 7148 ta korxona rahbar hamda bosh hisobchilari bilan ularning oylik va choraklik hisobotlarni elektron tarzda yuborilishi, nazorat kassa mashinasi ishlatilishi hamda soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar bo‘yicha muloqot o‘tkazildi.

Shuningdek, soliq imtiyozlari yana bir bor tushuntirib berildi, Ye-ijara va Ye-imtiyoz dasturlaridan foydalanish o‘rgatildi.

Faoliyat yuritmayotgan 298 ta korxonaning ishlamaslik sabablari o‘rganildi va so‘rovnomalar o‘tkazildi.

O‘rganishlar davomida "DAY-YUY-BIN" xususiy korxonasining soliq borasidagi muammolariga yechim topildi. Ya’ni, mehmonxona xizmati va ijaradan olingan daromadlardan soliqlar to‘lash Soliq kodeksining tegishli moddalariga asosan tushuntirib berildi.

B.Ahmedov,
Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash shu’basi boshlig‘i.