Samarqand shahrida "KIA" rusumli mashina yo‘l chetida turgan "Nexia-3" va "Cobalt" avtomobillarini shikastladi

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Samarqand shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan ma’lumot berdi.

"17 oktyabr kuni soat 12:25 larda Samarqand shahar, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida haydovchi, 1996 yilda tug‘ilgan N.M. "KIA" rusumli avtomobilda harakatlanayotib, boshqaruvni yo‘qotgan va ushbu ko‘chada yo‘lning o‘ng tomonida to‘xtab turgan "Nexia-3" rusumli avtomobilning orqa tomoniga urilgan.

Zarb oqibatida "Nexia-3" avtomobili undan oldinda to‘xtab turgan "Cobalt" rusumli avtomobilning orqa tomoniga to‘qnashgan.

YTH oqibatida tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q. Transport vositalariga texnik shikast yetgan.

Mazkur YTH yuzasidan Samarqand shahar IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borildi. Hozirda tegishli hujjatlar to‘plangan va o‘rganib chiqishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga yuborilgan", deyiladi xabarda.