Samarqand shahrida qalbaki dori vositalari ishlab chiqarayotgan yashirin sex aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.X. o‘zi yashab kelayotgan ko‘p qavatli uyning 1-yo‘lagidagi qo‘shimcha xonada yashirin sex tashkil qilgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, u “Bekot Amino” va “Monasil NEO” nomli dori vositalarining muvofiqlik sertifikatini qalbakilashtirib, ushbu dori vositalari “R.M.” qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilganligi to‘g‘risida poligrafiya yozuvlarini yopishtirib, bu dori vositalarini ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu xonadondan jami 5 mingdan ziyod dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.