Samarqand shahrida zamonaviy yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi

Bugun – Yangi yil ostonasida Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida bunyod etilgan tunnel shaklidagi yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi.

2019-2020 yillarda amalga oshirilgan mazkur loyihaga asosan umumiy uzunligi 675 metr bo‘lgan yo‘l o‘tkazgich bunyod etildi. Inshootning estakada qismi uzunligi 20 metr, balandligi 5,7 metr va kengligi o‘rtacha 26,3 metrni, tirgak devorlarining umumiy uzunligi 551 metrni tashkil etdi.
Ob’yektning umumiy qiymati 143 milliard so‘mni tashkil etib, to‘liq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirildi.

Yo‘l o‘tkazgichda 66 ta yoritish chirog‘i, 1800 metr masofada tramvay izi yotqizildi. Bundan tashqari, 1640 metr masofada piyodalar yo‘lagi qurildi. Mazkur hudud yaqinida, Bo‘stonsaroy ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida Siyob kanalida 6x3 metr bo‘lgan to‘g‘ri to‘rtburchakli galereya qurildi. Yo‘l kengaytirilib, transport vositalari va piyodalar qatnovi uchun har tomonlama qulay sharoit yaratildi. Yo‘lning ikki chetida himoya vositasi, shovqin kamaytiruvchi, balandligi 4,55 metr bo‘lgan qismida 900 metr uzunlikda to‘siqlar o‘rnatildi. Piyodalar yo‘lagi va veloyo‘lak barpo etildi.

Yangi ob’yektlarni foydalanishga topshirish marosimida viloyat hokimi va sektor rahbarlari, faollar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Ushbu yo‘l o‘tkazgich Prezidentimiz tomonidan oldimizga ko‘yilgan vazifalarni birgalikda bajarsak, hamjihat bo‘lib mehnat qilsak albatta, yuksak natijalarga erishishimiz mumkinligining yana bir isboti bo‘ldi, – dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – To‘g‘ri, qurilish jarayonida transport va piyodalar qatnovi uchun turli noqulayliklar yuzaga keldi, ayrimlar bundan norozi bo‘ldi. Lekin ko‘pchilik qo‘llab-quvvatladi, loyihaga xayrixohlik bildirdi. Mana bugun o‘sha qiyinchiliklar ortda qoldi. Tunnelning ochilishi bilan shaharning ikki asosiy ko‘chasi kesishgan chorrahada transport vositalarining tirbandligi oldi olindi. Samarqandda keyingi yillarda yana ko‘plab shu kabi ob’yektlar quriladi. Ulkan bunyodkorlik ishlarini birgalikda, hamjihatlikda bajaramiz.

Marosimda jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib, viloyat ahlini yangi yo‘l o‘tkazgich bilan, Yangi yil bilan tabrikladi.