Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish qachon yaxshilanadi?

-  Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylardagi liftlarning 40 tasi yangilanadi.

-  Alisher Navoiy shoh ko‘chasida 1991 yilgacha qurilgan 5 ta ko‘p qavatli uy sinov tariqasida bazalt bilan qoplanadi.

-  “RK-1” isitish qozonxonasi ishga tushiriladi va shu hududdagi xonadonlardagi barcha ikki konturli pechlardan voz kechiladi. 

Ushbu ma’lumotlar viloyat Matbuot uyida Samarqand shahar uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i To‘lqin Gulmurodov ishtirokida bo‘lib o‘tgan anjumanda aytildi.

Hozirda Samarqand shahrida 1138 ko‘p qavatli uylarda 52 254 ta xonadon bo‘lib, ularning 906 tasi 1991 yilgacha qurilganlaridir. 

- Prezidentimizning 2022 yil 4 avgustdagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish va boshqaruvchi tashkilotlarni moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ko‘p qavatli uy-joy mulkdorlarga yanada sifatli hamda tezkor xizmat ko‘rsatish maqsadida 117 ta xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlari o‘rniga 1072 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi 9 ta boshqaruv servis kompaniya (BSK)lari tashkil etildi, - deydi To‘lqin Gulmurodov. – Jumladan, “Nur Sharq TESS” BSKda 53 ta, “Bio-tex Servis” BSKda 547 ta, “Samarqand oltin asr” BSK 161 ta ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Hozirda Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarning isitish tizimlarini yaxshilash maqsadida “RK-1” markaziy qozonxonasini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur qozonxonada yangi 3 ta avtomatik tizimli qozonlar o‘rnatilib, 15 kilometrdan ziyod issiqlik tarmoq quvurlari yangilangach, hududdagi 93 ta ko‘p xonadonli uy-joy hamda 8 ta ijtimoiy soha ob’yektlarga issiq suv va issiqlik energiyasi berilishi ko‘zda tutilgan. Bugungacha 14,1 kilometr issiqlik tarmoqlarining yerostidan o‘tuvchi qismi yotqizilib, yerto‘lalarga 75 ta individual issiqlik punktlari o‘rnatildi. Joriy yil oxirida ishga tushiriluvchi ushbu qozonxonadagi 3 ta qozonga yordamchi uskunalar va 4 ta suv nasoslarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Dilmurod To‘xtayev.

Husan Eltoyev (foto).