Samarqand shahridagi Nikoh uyida oilalarni yarashtirish maktabi ochildi

May oyida tashkil etilgan mazkur yarashtiruv maktabida hozirga qadar yettita oila yarashtirilgan.

Kecha viloyat oila va xotin-qizlar, adliya boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda "Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash maktabi"ning namunali mashg‘uloti ham o‘tkazildi.

Unda FHDYo bo‘limlariga nikohdan o‘tish uchun ariza topshirgan 60 ga yaqin yoshlar, ularning ota-onalari, 50 yildan beri birgalikda umrguzaronlik qilayotgan oila boshliqlari o‘zaro fikr almashdilar.

- Viloyatda oilaviy ajralishlar soni ortgani uning oldini olish borasidagi ishlarni keng ko‘lamda amalga oshirishni taqozo qiladi, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova. – FHDYo bo‘limlari qoshida tashkil etilgan 16 soatlik ushbu maktablarning faoliyatini yanada takomillashtiryapmiz. Afsuski, tahlillarga ko‘ra, oilalar ajralishida uchinchi shaxslarning, ota-onalarning aralashuvi foizi ham yuqori ko‘rsatkichda. Bu sabablar haqida ota-onalar bilan suhbatlashish uchun ularni ham mashg‘ulotlarga taklif etishni rejalashtirganmiz. Hozirgi namunali mashg‘ulotda nikohlanuvchilarning ota-onalari, oila va jamoatchilik vakillari oilalar ajralishiga olib keluvchi salbiy illatlar haqida fikrlashib olishdi.

Tadbir davomida mutasaddilar ishtirokida Samarqand shahridagi Nikoh uyidan shu yil ro‘yxatdan o‘tgan 500 ga yaqin oiladan yana biri – yosh Rahmatullayevlar oilasi vujudga keldi, yangi nikoh qayd etildi.

Gulruh MO‘MINOVA.