Samarqand shahridagi sport-ta’lim muassasalarida shug‘ullanish uchun sharoit yaratilganmi?
Samarqand shahridagi sport-ta’lim muassasalarida shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoitlar, sport inshootlarining holati va ularning sanitariya talablariga mosligi soha mutasaddilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘rganildi.
Shahardagi 2-sport maktabiga qarashli to‘rtta sport inshooti bo‘lib, 1595 nafar o‘g‘il-qiz 24 ta sport turi bo‘yicha shug‘ullanmoqda. Sport maktabi direktori Bekzod Po‘latovning ta’kidlashicha, sportchilar o‘tgan yil O‘zbekiston, Osiyo, jahon kubogi va chempionatlarida 102 ta oltin, 103 ta kumush va 167 bronza medalini qo‘lga kiritgan. Ammo muassasa faoliyati o‘rganilganda inshootlarning ta’mirtalabligi, ularning sanitariya holati yaxshi emasligi aniqlandi.
Xususan, maktab hududida sport jihozlari sinib yotibdi, kiyim almashtirish va yuvinish xonalari tartibsiz. Muassasaga qarashli «Sartepa» futbol o‘yingohining o‘rindiqlari ta’mirga muhtoj bo‘lsa, 2004 yildan beri ta’mirlanmagan «Nafis» futbol stadioni va sambo kurash zalida suv ta’minoti bo‘yicha muammolar bor. Shuningdek, sportning kamondan otish va qilichbozlik turlari bilan shug‘ullanish uchun sport hamda tibbiyot jihozlariga ehtiyoj mavjud.
Shahardagi 1-sport maktabining holati bir muncha yaxshi. Muassasada 1348 nafar yoshlar 26 ta sport turi bo‘yicha shug‘ullanmoqda. Sportchilarning 40 nafari O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi bo‘lib, o‘tgan yil mamlakat va xalqaro musobaqalarda 250 dan ortiq medalni qo‘lga kiritgan. Biroq maktabda asosiy muammo – 160 o‘ringa mo‘ljallangan yopiq suzish havzasi nosoz holatda.
Suzish havzasi qurilgandan buyon to‘rt mavsum to‘liq ishlagani yo‘q, - deydi sport maktabi direktori Shavkat Bozorov. - Chunki ob’yektning issiq va sovuq o‘tkazadigan izolyasiya qismi ta’mirtalab. Shu bois inshoot yozda issiq, qishda sovuq bo‘ladi. Bundan bir necha yil oldin vazirlikkacha qilingan murojaatdan so‘ng inshootni ta’mirlash Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi dasturiga va yaqinda viloyat dasturiga ham kiritilgan edi. Ammo masala hanuz hal etilmayapti.
Keyingi manzil sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi bo‘ldi. Yaqinda ushbu muassasada qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlanganligi aytilgan edi. Ammo maktab hududiga kirar ekanmiz, yangidan qurilgan asfaltning cho‘kib ketgani turli chiqindilar to‘planganiyu, sport zalida tozalik ishlari olib borilmagani e’tiborimizni tortdi.
Holat yuzasidan maktab direktori Qahramon Raupovning ma’lum qilishicha, sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabiga qarashli olimpiya o‘yingohi, basketbol, gandbol, badminton va kurash zallarida «Amon Bobo Lyuks» AKT MChJ hamda «Bunyod Kapital Invest» MChJ korxonalari tomonidan 2019 yildan buyon rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Loyihaga ko‘ra, ikkala quruvchi tashkilot tomonidan inshootlarda 15 milliard so‘mdan ziyod qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilishi kerak edi. Ammo jarayon to‘liq bajarilmaganligi bois hozirda ob’yektlarda qaytadan rekonstruksiya ishlari davom etmoqda.
O‘rganish davomida Samarqand shahridagi yakka kurash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi, olimpiya va paralimpiya turlariga tayyorlash markazi, gimnastika va suv sporti komplekslarida ham sanitariya-gigiyena qoidalari talab darajasida emasligi, inshootlarning ta’mirtalabligi va chiqindi tashlash uchun maxsus konteynerlarning yo‘qligi, sport jihozlari yetishmasligi hamda ba’zi muassasalarda tibbiy daftarchalar belgilangan normalarga zid ravishda yuritilayotganligi aniqlandi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.