Samarqand shahrining me’moriy ko‘rinishi qanday bo‘ladi?
Samarqand - dunyoga mashhur tarixiy shahar. O‘tmishi va buguni bilan jahonga taniqli, afsonaviy shaharning istiqboli ham porloq bo‘lmog‘i kerak. Samarqandning yozi issiq va quruq, kuz va bahorda esa yomg‘irlar ko‘p yog‘adi. Bunday sharoit turistlarga, ayniqsa, issiq iqlimga moslashmagan xorijiy sayyohlarning shaharda erkin, piyoda harakatlanishiga ma’lum darajada noqulaylik tug‘diradi.
Kelajakda Samarqand shahrining eng gavjum turistik marshrutlari bo‘ylab, ya’ni Amir Temur maqbarasi, Ruhobod, Registon ansambli, Islom Karimov memorial xiyoboni, Toshkent ko‘chasi, Bibixonim me’moriy majmuasi, Hazrati Hizr masjidi, Islom Karimov maqbarasi, Shohi Zinda maqbaralar ansambli, Afrosiyob tarixiy muzeyi va Ulug‘bek rasadxonasi kabi madaniy meros ob’yektlarini bir-biriga bog‘lovchi yer usti piyoda yo‘lini tashkil qilish loyihasini ilgari surish mumkin. Bu yo‘l yer ustida 4-5 metr balandlikda bo‘lib, havfsizlik ta’minlangan, jazirama quyosh nuridan, qor va yomg‘irlardan to‘silgan, ikki atrofi ochiq galereyaga o‘xshash yechimga ega shaffof yo‘l bo‘ladi. Turistlarga yerdagi transport harakati mutlaqo halaqit bermaydi. Turistlar yo‘l-yo‘lakay atrof-muhitni va obidalarni yuqoridan turib rasmga ham tushirishlari mumkin bo‘ladi. Yodgorliklar oldiga borganda ular pastga harakatlanuvchi zinalar orqali tushadi va yana qaytib chiqishlari mumkin. Bu yo‘lning tuzilishi arxitekturada zamonaviy bionikaga asoslangan bo‘lib, u vizual tarzda jonli organizmning tektonik qurilishini eslatadi va Samarqand kelajagi uchun yangilik bo‘ladi, eng muhimi turistlarga qulaylik yaratadi.
Eslaysizmi, kimdir turistlar uchun Samarqandning tarixiy qismi uzra osmondan kanat yo‘lini taklif qilgan edi. Bizning yuqoridagi taklifimiz undan ko‘ra ancha arzon tushadi va turistlarga o‘sha kanat yo‘li beradigan tasavvurni va undan ham qulayroq imkoniyatlarni yaratadi.
Qadim zamonlardan buyon dunyo madaniyati taraqqiyotida muhim o‘rin tutib kelgan Samarqand me’morchiligiga, dunyo xalqlarining qiziqishi bugungi kunda yanada ortib bormoqda. Biz bunday voqelikdan samarali foydalanish yo‘llarini axtarishimiz zarur. Ma’lumki, O‘rta Osiyo mamlakatlari arxitekturasi, o‘zining an’anaviy xususiyatlariga ega bo‘lib, ular chuqur mahalliy ildizlarga ega.
Arxitektorni chetdan chaqirsak
Samarqanddek shaharning kelajagi bilan bog‘liq me’moriy ob’yektlarni loyihalash va qurish ishlarini, Samarqandni yaxshi biladigan va bu shaharga astoydil mehri tushgan, taniqli chet el arxitektorlari va kompaniyalariga tender asosida topshirish maqsadga muvofiqdir. O‘rta Osiyo me’morchiligining taraqqiyoti uchun mashhur arxitektorlar, Norman Foster, Zaxa Xadid, Daniyel Libeskind, Rem Kolxaas, Santyago Kalatrava, Bernard Chumi, Piter Eyzenman, Manfred Nikoletti, Erik Moos va boshqalar o‘zlarining zamonaviy loyihalarini taklif qilgan va qilmoqda. Ahamiyatli jihati shundaki, ular bunday ishni odatda, katta mas’uliyat bilan amalga oshirib, xalq me’moriy an’analari hamda bu masalada mahalliy qurilish sharoitlarini ham e’tiborga oladi va eng muhimi, o‘zlarining xalqaro reytinglarini tushirmaslikka intiladi. Mahalliy arxitektorlar esa, bu yerdagi sun’iy to‘siqlar va cheklovlarga bardosh bera olmaydi va o‘z qobiqlari ichida qolib ketadi. Aslini olganda, mahalliy arxitektorlar ham g‘oya jihatidan xorijliklardan qolishmaydi. Biroq o‘sha g‘oyani amalga oshirishda zamonaviy muhandislik yechimlari va texnik innovatsiyalarni yaratish imkoniyatlari xorij muhandislarinikidan ko‘ra, afsuski, ancha pastdir.
“Toshkentboshplan LITI” davlat unitar korxonasi hamda Xitoyning China Construction Engineering Design Group Corp Ltd kompaniyasining mutaxassislari hamkorligida Samarqand shahrining 2040 yilgacha mo‘ljallangan Bosh rejasi va markaziy qismini batafsil rejalashtirish loyihasi ishlab chiqildi. Loyihaga ko‘ra, atmosferaga va suv havzalariga bo‘lgan zararni kamaytirish nuqtai nazaridan, zararli korxonalarni shahardan tashqariga chiqarish, yashil sanitariya zonalarini yaratish, avtotransportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish uchun ekologik standartlarni amalga oshirish, ventilyasiya koridorlarini saqlash kabi vazifalar ko‘zda tutiladi. Shuningdek, hozirgi aeroportni shahar hududi chegarasidan chiqarib, xalqaro standartlarga javob beradigan yangi aeroportni qurish, Zarafshon daryosi va Darg‘om kanali o‘rtasida bionik tarzda rivojlanadigan, ixcham va inklyuziv, iqlimga chidamli shahar bunyod qilish maqsad qilingan. Bugungi kunda, yangi Samarqand shahrini boshqa joyga ko‘chirish orqali, yangi yo‘nalish va tafakkurni ko‘rsatadigan “Yangi Samarqand shahri”ning qurilishiga asos solish uchun barcha imkoniyatlar bor.
Yangi shahar binolari yangicha bo‘lishi lozim
Kelajakdagi bino va inshootlar arxitekturasi, nafaqat o‘z funksiyalariga mos, balki ayni paytda jamiyat ijtimoiy g‘oyalarini ifoda etishi va odamlarga estetik zavq bag‘ishlashi, mahalliy iqlim sharoitlari, milliy-madaniy an’analarga bog‘liq hamda energiyasamarador holda loyihalanishi zarur. Unutmaslik kerakki, yangi ijtimoiy ehtiyojlar va g‘oyalar yangi turdagi binolarning paydo bo‘lishiga, yangi qurilish muammolari va konstruksiyalarining yaratilishiga sabab bo‘ladi. Bunda, buyurtmachilarning madaniyati va estetik didi, iqtisodiy imkoniyatlari hamda arxitektor va muhandislarning kasbiy mahorati, tajribasi va tafakkuri hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Albatta, bitta-ikkita sanoqli favqulodda ajablanarli binolar barpo etish bilan butun Samarqandni zamonaviy shaharga aylantirish qiyin. Biroq, ayni paytda Samarqandimiz tarixiy shahar, deb hech narsa qilmay o‘tirish ham mumkin emas. So‘zsiz, Samarqand tarixiy, turistik shahar. Birgina shu yo‘nalishning o‘zini kelajakda takomillashtirgan holda rivojlantirish ham shahar kelajagini belgilab berishi mumkin. Bu borada, aytaylik, Samarqand shahrini kelajakda, Imom Buxoriy majmuasi markazi bilan uzviy bog‘lash katta ahamiyat kasb etadi. Yoki Amir Temur bog‘-saroylarining birortasini qayta tiklash ham mazkur yo‘nalishdagi yaqin kelajak ishlarining biridir. Buni Amir Temurning tarixiy Bog‘i Balandidan qolgan mavjud anjirzorlar joylashgan hududda amalga oshirish mumkin.
O‘z davrida Samarqandda mavjud bo‘lgan Amir Temur ark qal’asini qayta tiklashning iloji bo‘lmasa-da, ushbu qal’a ichida joylashgan obida- Sohibqironning pirlaridan biri Qutbi Choxar-duxum (Nuriddin Basir) maqbarasi va unga tutashgan ark devorlari hamda arkni Registon bilan bog‘lagan bosh darvozasini qayta tiklash, ark hududida arxeologlar topgan shohona hammom qoldiqlarini ochib qo‘yish, ularni sayyohlik ob’yektiga aylantirish maqsadga muvofiq. O‘tmishda, Registon yonida joylashgan 9 gumbazli “Bozori Sanduq”, bir necha asrlar xalqqa xizmat qilgan hammom qoldiqlari (u “Yubileyniy” restoranini qurish munosabati bilan buzib yuborilgan) ham yer ostida qolib ketgan. Ularni topib, ochish va turistlarga namoyish etish harakati hozirda qisman boshlangan, biroq boshlangan ish oxirigacha yetkazilishi kerak.
Kelajakda shahar arxitekturasining rang-barang plastik uslublari, arxitektonikasi, jonli tabiatga o‘xshash qiyofalari, energiya tejamkorligi, funksiyaviy universalligi kabi jihatlari bilan innovatsion xususiyatlarga ega bo‘lishi zarur.
Samarqandda turistlar uchun eko-mehmonxonalar qurilishi ham rejalashtirilishi lozim. Bu mehmonxonalar, hozirgi mehmonxonalardan har bir nomeri tarkibida jonli tabiatga monand landshaft dizayni elementlari, qushlar sayrashi, mehmonxona hovlisidagi hovuzida mevalarning suv yuzida qalqib turishi bilan farq qilishi kerak.
Kelajakda avtomobillarning ko‘payishi bilan ularni qo‘yish va saqlash joylarini o‘ylash, yangi qurilayotgan turar joy binolari va jamoat binolari, ayniqsa yirik savdo inshootlari (supermarket va gipermarketlar) ostki qavatlarida avtomobillar to‘xtash va saqlash joylarini loyihalashni qat’iy tarzda belgilash lozim.
Afrosiyobdan qachon keng foydalanamiz?
Qadimiy Samarqand – Afrosiyob shaharchasining kelajagi haqida ham ayrim fikr-mulohazalarimizni bayon qilmoqchimiz. Hozirgi kunda, bu qadimiy shaharcha, uning hududida qurilgan zamonaviy Afrosiyob muzeyi, tarixiy shakllangan va ta’mirlangan Shohi Zinda me’moriy majmuasi, Xo‘ja Doniyor yodgorligi, Hazrati Xizr masjidi va uning yonida joylashgan Islom Karimov maqbara majmuasi kabi ob’yektlarni aytmasak, deyarli xaroba holida yotibdi. Samarqandning tarixiy shahar ekanligini xorijiy sayyohlarga hozirda faqat Temuriylar davri arxitekturasi (XIV-XV asrlar) eslatib turadi xolos. Holbuki, shahrimizning qadimiyligini vizual ko‘rsatuvchi Afrosiyob shaharchasi qadim mudofaa devorlarining asl me’moriy qiyofasi o‘z o‘rnida tiklab qo‘yilmagan, ya’ni turistlarning vizual tarzda aynan qadim Samarqand shahrini ko‘rib tasavvur qilishlariga deyarli imkoniyat yo‘q.
To‘g‘ri, Afrosiyob hozirda rasmiy tarixiy arxeologik qo‘riqxona shaharcha hisoblanadi. Biroq bu turistlarning shaharcha hududiga kirishi mutlaqo man etilgan degani emas-ku... Buni ushbu joyda qurilgan Afrosiyob muzeyi ham isbotlab turibdi. Shunday ekan, yaqin kelajakda turistlarning qadim Afrosiyob shaharchasi hududiga kirishi, hech bo‘lmasa, unda amalga oshirilgan arxeologik qazilmalar natijasida ochilib, o‘rni va me’moriy tuzilishi aniqlangan Afrosiyob arkining saroylari, bu yerda ochilgan shahar hukmdori Varxuman saroyining devorlari, Somoniylar saroyi va masjidi, qadimiy hammomlar o‘rni va ularning arxitekturaviy elementlari bilan vizual tanishish uchun turistik tomosha yo‘laklarini yaratishni taklif qilgan bo‘lar edik. Bu yo‘laklarning usti turistlarni quyosh nuridan himoyalovchi zamonaviy plastik qurilmalar bilan yopilishi kerak. Arxeologik ochilmalar usti esa, xuddi Andijondagi qadim Asaka shaharchasidagidek qilinib, qor va yomg‘irlar, shamollardan himoyalanadigan mustahkam va yengil, shaffof konstruksiyalar bilan yopib qo‘yilishi lozim.
Bundan tashqari, Afrosiyob hududida X-XII asrlarda mavjud bo‘lgan “yashil hayvonot bog‘i”ni arab olimi Ibn Havkal ma’lumotlariga asosan, grafik qayta tiklab, bog‘ning maketi va uch o‘lchamli tasvirini sayyohlarga namoyish etishni tashkillashtirish zarur. Kelajakda Samarqandda Iskandar Zulqarnayn armiyasiga qarshi mardonavor kurashgan xalq qahramoni Spitamen siymosi yaratilishi lozim.
Xullas, Samarqand shahrining yaqin kelajagi, mavjud qadim Afrosiyobning turizm salohiyatini yanada oshirish bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Bu takliflarni amalga oshirishda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalarining kuchi va malakasidan foydalanish imkoniyati mavjud. Faqat ularga topshiriq berishda ularni moddiy rag‘batlantirish masalasini unutmaslik lozim.
A.O‘ROLOV, me’morchilik fanlari doktori, professor.
O.BOBOQANDOV, doktorant.