Samarqand shahrida “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va uy-joy majmuasi barpo etiladi
Prezidentning “Samarqand shahrida "Shirin" zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Samarqand shahri "Shirin" massivi hududida 2023-2030 yillarda "Shirin" zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksi quriladi.
Samarqand viloyati hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida "Shirin" zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish direksiyasi tashkil etiladi.
Direksiyaga shaharchani barpo etish bo‘yicha manzilli dasturlarni ishlab chiqish hamda tasdiqlash;
- davlat sherigi sifatida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim talablarini vakolatli davlat organlari bilan kelishgan holda belgilash;
- kommunal boshqarish, investitsion faoliyat, marketing, baholash, geologiya qidiruv, topografik suratga olish, bino va inshootlar texnik holatini tekshirish xizmatlari ko‘rsatish;
- iste’molchilarga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar tariflarini Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda belgilash;
- investorlarga shartnoma asosida servis, sanitariya-gigiyena, muhandislik-kommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish, ularni transport infratuzilmasi ob’yektlari va yordamchi inshootlar bilan ta’minlashni tashkil qilish;
- ob’yektlarni loyihalashtirish va qurilish ishlarida ishtirok etish, mualliflik nazorati va texnik nazoratni amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassis va konsultantlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida jalb qilish huquqlari beriladi.
Shaharchani barpo etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida 2026 yil 1 iyulga qadar direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar uchun bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi.