Samarqand tumanida bir kunda to‘rtta inshoot foydalanishga topshirildi

Mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida Gulbog‘ mahallasida “Kamelot” nomli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti davlat-xususiy sheriklik asosida qurildi.

O‘z faoliyatini boshlagan mazkur bog‘chada 180 nafar bolajon tarbiya oladi. Shundan 25 nafar ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlarini qabul qilish rejalashtirilgan.

2,3 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari asosida qurilgan maskanda ta’lim-tarbiya jarayoni ilg‘or xorijiy tajribalar asosida olib boriladi. Rus, ingliz tillari chuqur o‘rgatiladi. Rasm, badiiy gimnastika, suzish, raqs to‘garaklarida malakali mutaxassislar mashg‘ulot o‘tkazishadi.

Ushbu nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda tuman hokimi N.Mavlonov ishtirok etdi.

Shuningdek, Gulobod mahallasidagi 120 o‘rinli “Parvoz” maktabgacha ta’lim tashkiloti, Yangijoy mahallasida 50 o‘rinli “Bilimdon akademiyasi” nomli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ham foydalanishga topshirildi. Muassasalarda zamonaviy texnika vositalari va jihozlar bilan ta’minlangan o‘quv xonalari bo‘lib, bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Bundan tashqari, tumanda “Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi” foydalanishga topshirildi. Bu markazda yoshlar axborot texnologiyalari, dasturlash va robototexnika  asoslarini o‘rganadi.

Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.