Samarqand tumanida koreyalik investor mablag‘lari hisobidan 233 gektarlik intensiv bog‘, 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi

Samarqand tumanida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Multi Fruit Korea” xorijiy korxonasi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimligi xodimlari, tadbirkorlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

2018-2019 yilda Janubiy koreyalik investor Park Jin Soo tomonidan 3,2 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilgan edi. Ushbu investitsiya mablag‘lari hisobidan 233 gektar maydonga gilos ko‘chatlari o‘tqazilib, intensiv bog‘ tashkil etildi. Natijada 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

- Ushbu ko‘chatlarni Turkiyadan keltirganmiz, - deydi korxona direktori Shuhrat Ahrorov. – Bog‘imiz to‘liq hosilga kirganda 2 – 2,5 ming tonna gilos terib olish imkoni paydo bo‘ladi. Kelgusida bog‘dan olingan meva va ulardan tayyorlangan sharbatlarni Rossiya, Koreya, Xitoy davlatlari hamda Dubay shahriga eksport qilishni rejalashtirganmiz.

Bugungi kunda tuman hokimining qaroriga asosan ajratilgan 128 gektar yerning 100 gektarida intensiv anor hamda 28 gektar maydonda malina bog‘ini tashkil etish ishlari olib borilayotir. Shuningdek, intensiv gilos bog‘ini kengaytirish maqsadida yana 300 gektar yer ajratish borasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.

E’tiborli jihati, korxona tomonidan 3 million AQSh dollarlik investitsiya kiritilishi hamda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, saralash, qadoqlash, saqlash agrologistika markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, ayni kunda 8 gektar yer ajratish ishlari bajarilmoqda.

- Bugungacha qilingan ishlar mustahkam hamkorlikning ilk qadami bo‘ldi, - deydi koreyalik investor Park Jin Soo. – Buni kelgusida ham davom ettirish uchun qator hujjatlar imzolangan. Masalan, 2020-2021 yillarda dastlabki qiymati 20 million AQSh dollari evaziga yirik farmatsevtika korxonasini tashkil etish istagini bildirganmiz. Bu borada muzokaralar olib borilib, tegishli hokimliklar bilan memorandum imzoladik.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida qo‘shimcha yana 200 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.