Samarqand tumanida PUBG akkauntini 17 mln. so‘mga sotmoqchi bo‘lgan 21 yoshli yigit ushlandi
Namangan viloyati Norin tumanida yashovchi 21 yoshli T.I. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan jami 17 million 315 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan.
Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Samarqand viloyati Samarqand tumanida yashovchi 21 yoshli A.I. sodir etgani aniqlangan.
Unga ko‘ra, A.I. jabrlanuvchi T.I. bilan Telegram messenjerining “monstersavdo” nomli kanali orqali tanishib, unga go‘yoki kuchaytirilgan PUBG akkauntini sotishi haqida aytib, aldagan. U o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank kartasiga oldindan 17 million 315 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘tkazdirib olgandan so‘ng, o‘zaro kelishmovchilik tufayli 12 million so‘m pullarini qaytargan. Qolgan qismini qaytarmasdan turli bahonalar qilib, yozishmalarni o‘chirib yuborib, pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.I.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.