Samarqand tumanida qimmatbaho chinor daraxti noqonuniy ravishda kesildi
Samarqand tumanida joylashgan Sulfakabutak mahallasining Sulfakabutak va X.G‘iyosov ko‘chalari kesishgan qismida, ya’ni choyxona burchagida 2021 yil 7 fevral kuni 1 tup qimmatbaho chinor daraxti kesilgani haqidagi xabar yuzasidan ekologik reyd o‘tkazildi.
Chinor daraxti kesilgan manzilga O‘zbekiston Ekologik partiyasi Samarqand viloyati partiya tashkiloti xodimlari, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari kelib, haqiqatan ham 1 tup chinor daraxti tagidan kesilgani va to‘nkasi ildizi bilan kovlab olib tashlanganiga guvoh bo‘ldi.
O‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, ushbu chinor daraxti ko‘chani kengaytirish maqsadida tuman avtoyo‘l korxonasi boshlig‘i S.Aliyev va boshqa mas’ullar topshirig‘iga asosan noqonuniy tarzda kesib tashlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3 fevraldagi 6155-sonli farmoni 24-bandi, b-qismiga muvofiq, respublikada davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddati 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirilgan. Shuningdek, noqonuniy kesilgan daraxt va butalar uchun uch yil davomida parvarishlash sharti bilan 100 tup ko‘chat ekish majburiy etib belgilandi.
shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi noqonuniy ravishda qimmatbaho chinor daraxtini kesgan shaxslarga va topshiriq bergan mas’ullarga tegishli qonuniy chora ko‘rilishini, kesilgan daraxt o‘rniga kompensatsiya tariqasida 100 tup ko‘chat ekilishini ta’minlanishini so‘raydi.
N.Oblomurodov,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Markaziy Kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi.