Samarqand tumanida yarim trillionga yaqin investitsiya o‘zlashtirilib, 600 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi

Tumanda joriy yilda qiymati 494,4 milliard so‘mlik 65 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida 600 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida qiymati 320,4 milliard so‘mlik 49 ta loyiha foydalanishga qabul qilingan. Sohalar kesimida olib qaraganda, eng ko‘p loyiha qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida - 146,1 milliard so‘mlik 39 ta amalga oshirilgan. 

Xususan, Janubiy Koreya Respublikasi fuqarosi Pak Jin So tomonidan 3,5 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritilgan. Loyiha doirasida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "Multi Fruit Korea" xorijiy korxonasi tomonidan 540,5 gektar sug‘orilmaydigan - lalmi yer maydonida zamonaviy intensiv bog‘ tashkil qilinib, 75 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Gilos, anor va yong‘oq mevalari parvarishlanayotgan bog‘da yetishtirilgan hosilning 80 foizi Janubiy Koreya Respublikasi hamda Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadi.

Ushbu yo‘nalishdagi yana bir yirik loyiha mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "AGROMIR" qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilgan. Loyiha doirasida qiymati 139,2 milliard so‘mlik meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash klasteri tashkil etilib, 25 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. E’tiborlisi, klasterda qayta ishlangan mahsulotlarning 75 foizi xorij bozorlariga chiqarilmoqda.

Tumanda, shuningdek, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida 148,1 milliard so‘mlik 5 ta hamda xizmat ko‘rsatish sohasida 26,3 milliard so‘mlik 5 ta loyiha doirasidagi ishlar yakuniga yetkazilgan. Amalga oshirilgan loyihalar doirasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani alohida e’tiborga molik.

Xususan, "MUSLIM TRADING COMPANY" mas’uliyati cheklangan jamiyatida poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish, "MOTRID SIFAT POLIMER" mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa plyonka ishlab chiqarish, "SEMURG` SAM" mas’uliyati cheklangan jamiyatida karton qog‘oz ishlab chiqarish liniyalari foydalanishga qabul qilindi.

Joriy yil yakunigacha tumanda 14 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu boradagi ko‘rsatkich 8 milliard 770 ming AQSh dollarini tashkil qilgan.

Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.