Samarqand va Dubrovnik shaharlari birodarlashadi
Yurtimizga tashrif buyurgan Xorvatiya parlamentining konstitutsiya, reglament va siyosiy tizim qo‘mitasi a’zolaridan iborat delegatsiya bugun Samarqandda bo‘ldi.
Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov bilan uchrashuvda Xorvatiya parlamenti vakillari Samarqand va Dubrovnik shaharlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildilar.
– Mazkur tashrif O‘zbekiston va Xorvatiya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatli, – deydi Xorvatiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Refik Shabanovich. – O‘zbekiston parlamenti va hukumati vakillari bilan uchrashuvlarda Toshkentda Xorvatiya elchixonasini, Samarqand shahrida esa mamlakatimiz konsulligini ochish haqida so‘z bordi. Shuningdek, munosabatlarimizni Samarqand va Dubrovnik shaharlarini birodar shaharlar sifatida bog‘lash orqali yana ham mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Dubrovnik ham Samarqand kabi turizm shahri hisoblanadi. Bu shaharda 40 mingdan ziyod aholi yashasa-da yiliga qariyb to‘rt million sayyohni qabul qiladi va turizm bo‘yicha yuqori tajribaga ega. O‘ylaymanki, bu boradagi hamkorlik ikki shahar uchun ham manfaatli bo‘ladi.
Xorvatiya parlamenti vakillari transport, farmatsevtika, aloqa va IT yo‘nalishlarida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
– Samarqand shahriga keladigan sayyohlar sonini 2030 yilga qadar 10 million nafarga yetkazishni maqsad qilgan ekanmiz Dubrovnik bilan bu borada hamkorlik bizga qo‘l kelishi mumkin, – dedi Samarqand shahar hokimi F.Umarov. – Shahrimizda infratuzilmani modernizatsiya qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, noyob tarixiy koloritni global miqiyosda targ‘ib etishda xorvat do‘stlarimiz tajribasini o‘rgansak, hamkorlikda ishlasak, foydadan xoli bo‘lmaydi.
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya a’zolari Samarqanddagi tarixiy- madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor maskanlarni tomosha qildi.