Samarqand viloyati hokimiga tojikistonlik fuqarodan xat keldi

Hurmatli Erkinjon Oqbo‘tayevich!

Yaqinda boshimizga og‘ir tashvish tushib, rafiqamda buyrak saratoni xastaligi aniqlandi. O‘zimizning do‘xtirlar bizga yordam bera olishmadi. Samarqandda dardiga shifo topgan yurtdoshlarimdan eshitib, joriy yilning 10 noyabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filialiga murojaat qildim.

Mazkur filial direktori, professor M.Jo‘rayevning shaxsan o‘zi turmush o‘rtog‘imni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, shifoxona mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda bizga jarrohlik amaliyotini tavsiya qilishdi. Ertasi kuniyoq bu ish muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bugun esa rafiqamni mutlaqo sog‘lom holatda oilam bag‘riga olib ketyapman.

Buning uchun samarqandlik shifokorlardan behad minnatdorman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi, sizning sa’y-harakatlaringiz bilan shifoxonada yaratilgan sharoitlar va qulayliklarni ko‘rib, havas qildik. Shifoxonaning ozodaligi, bu yerda ishlovchi xodimlarning vazifasiga professional yondashuvi, muomalasi, g‘amxo‘rligi tufayli xotinim darddan forig‘ bo‘ldi, oilamga fayz, farzandlarim chehrasiga nur kirdi.

Bobokalon MUHAMMADIYeV,

Tojikiston Respublikasi, Panjakent shahri.