Samarqand viloyati tashqi savdo aylanmasida eng faol davlatlar ma’lum qilindi

2020 yil yanvar-iyul oylari yakuni bilan viloyatning tashqi savdo aylanmasi 786,3 million AQSh dollarini tashkil etdi.

Viloyat statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi yillarda eksport tarkibida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilgan. Xususan, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iz Respublikalari bilan tashqi savdo aylanmasida savdo hajmi keskin ortgan. Bunda hukumat tomonidan sanoat tuzilmasini diversifikatsiya qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, import o‘rnini bosuvchi tovar va mahsulotlarni ishlab chiqarishni yanada oshirish bilan bir qatorda qo‘shni davlatlar bilan aloqalarning mustahkamlanishining ham roli katta.

Boshqa davlatlar bilan esa tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulush Xitoy, Rossiya, Turkiya va Yaponiya davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 30 ta yirik hamkor davlatlar orasidan o‘nta davlatda faol tashqi savdo balansi kuzatilgan. Xususan, Sloveniya (19 million dollar), Tojikiston (17,9 million dollar), Litva (15,8 million dollar), Vengriya (14,4 million dollar), Qirg‘iz Respublikasi (12,5 million  dollar) shular jumlasidan.

Qolgan 20 ta yirik hamkor davlatlar bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda.

2020 yil yanvar-iyul oylarida viloyat tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 35,3 foizni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 2018 yilga nisbatan 3,5 foizga oshgan.

Joriy yilning yanvar-iyul oylarida viloyat eksportyorlari soni 431 tani tashkil etib, ular tomonidan 151,5 million AQSh dollari (qimmatbaho metallar eksportidan tashqari) qiymatiga ega tovar va xizmatlar eksport qilingan.

Eksport tarkibida tovarlar ulushi 95,3 foizni tashkil etib, ular asosan oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar, material turiga qarab klassifikatsiyalangan sanoat mahsulotlari, mashinalar va transport asbob-uskunalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Keyingi uch yil ichida MDH mamlakatlariga eksport hajmi oshdi va ularning jami eksportdagi ulushi 2018 yil yanvar-iyuldagi 52,9 foizdan 2020 yil yanvar-iyulida 60,8 foizga yetdi. Mos ravishda boshqa mamlakatlarning jami eksportdagi ulushi 39,2 foizni tashkil etdi. 

Viloyat eksportida asosiy hamkor davlatlarning ulushi quyidagi diagrammada aks ettirilgan:

Import qilingan mahsulotlar orasida esa eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalariga tegishli. Ularning hajmi 34,9 foizni, asosan material turiga qarab klassifikatsiyalangan sanoat tovarlari 19,3 foizni hamda kimyoviy vositalar 27,4 foizni tashkil qilgan.

2020 yil yanvar-iyul oylarida Samarqand viloyati 72 davlat bilan tovarlar va xizmatlar importini amalga oshirgan.

Importda viloyatning asosiy hamkorlari Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Qozog‘iston, Yaponiya, Sloveniya va Germaniya davlatlari bo‘lib, ularning jami importdagi ulushi 70,4 foizni tashkil qilmoqda.

Viloyat importida asosiy hamkor davlatlarning ulushi quyidagi diagrammada aks ettirilgan:

Garchi, keyingi uch yilda tashqi savdo aylanmasi umumiy ko‘rsatkichlari oshgan bo‘lsa-da, global pandemiya sababli eksport-import ko‘rsatkichlarining 2020 yil yanvar-iyul oylarida kamaygani kuzatish mumkin.

Bu davrda tashqi savdo aylanmasi 786,3 million AQSh dollarni tashkil etib, 2019 yilning mos davriga nisbatan 199,3 million AQSh dollariga yoki 20,2 foizga kamaygani kuzatilmoqda.

Tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 172,4 million AQSh dollariga yoki 16,3 foizga, import hajmi esa mos ravishda 613,9 million AQSh dollariga yoki 21,3 foizga kamaygan. Hisobot davrida 441,4 million AQSh dollari qiymatidagi passiv tashqi savdo balansi qayd etilgan.