Endi tadbirkor tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda hech qanday g‘ovga uchramaydi

Prezidentimizning 2019 yil 5 fevralda «Jahon banki va xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Bu mamlakat tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik sub’yektlari duch kelayotgan ortiqcha byurokratik tartib-tamoyillarni bartaraf etish imkonini beradi.

Qarorda 2019 yil 1 martdan boshlab, tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda - banklar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga  qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) talablaridan kelib chiqadi. Ariza beruvchilarni masofadan turib identifikatsiya qilish uchun shart-sharoit bo‘lganda ta’sischilari O‘zbekiston rezidentlari hisoblangan tadbirkorlarga ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida bank hisob raqamlarini masofadan turib ochishi mumkin. Masofaviy bank xizmati rivojlanishi fuqarolarning banklarga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi va aholi o‘zi istagan bank mijoziga aylanadi.

2019 yilning 1 yanvar holatiga bank hisob varaqlarini masofadan boshqaradiganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 1 barobarga oshib, 3,4 million kishini tashkil qildi. Shundan bank plastik kartochkalari va bank depozit hisob varaqlari bo‘yicha bank hisob varaqlarini masofadan boshqaradigan jismoniy shaxslar soni 7,6 million kishidan ortiqni, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 360 ming kishini tashkil etdi.

Ushbu qaror O‘zbekistonning xalqaro doiradagi mavqeini yanada mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Zero, respublikamizda bank hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha huquqiy va me’yoriy baza yaratilgan. Bu o‘z o‘rnida, masofaviy bank xizmatlarini rivojlanishiga keng yo‘l ochib beradi.

Dilshod UMRZOQOV,

Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi.