Tashqi savdo ishtirokchilariga imtiyozlar beriladi
Prezident qabul qilgan “Tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarini qo‘llab- quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, 2022 yil 1 apreldan boshlab tashqi savdo ishtirokchilari bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyozlar joriy etildi.
Unga ko‘ra, 2023 yil 1 aprelga qadar:
- mahalliy korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga Yevropa Ittifoqi davlatlariga yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 70 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;
- qo‘shni davlatlarga eksport qilingan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;
- muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a’zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi;
- tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan tovarlar (maxsus turdagi tovarlardan tashqari), ishlar va xizmatlar eksportini shartnoma tuzmasdan hisobvaraq-fakturalar (invoyslar) asosida amalga oshirishda talab etiladigan oldindan to‘lov miqdori 100 foizdan 50 foizga kamaytiriladi.
“Bojxona ombori” rejimida olti oydan ko‘p bo‘lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llashni taqiqlovchi tartib bekor qilindi.
Innovatsion texnologiyalarga asoslangan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida hukumat komissiyasining qaroriga asosan Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ularga 500 ming AQSh dollarigacha kreditlar ajratiladi.
2023 yil 1 yanvarga qadar hukumat komissiyasi xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solishning vaqtinchalik mexanizmlari joriy qilinadi.