Samarqand viloyatida ishsiz xotin-qizlar o‘rganildi
O‘rganishlar natijasida hozirgi kunda viloyatimizda 11 800 dan ortiq xotin-qiz ish bilan ta’minlanmaganligi aniqlandi va bandlikka ko‘maklashish markazlari hamda xotin-qizlar qo‘mitalari tashabbusi bilan 6 300 dan ortiq xotin-qiz xalq xo‘jaligining turli sohalariga ishga joylashtirilgan.
Munosib ish topolmagan 100 ga yaqin xotin-qiz kasb o‘rganishga yo‘naltirilgan, 2 230 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan va 329 nafariga ishsizlik nafaqasi rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, 2019-2020 yillarda viloyatning 14 ta tumanida ishga tushirilishi rejalashtirilgan 28 ta tikuv-trikotaj sexlarida 3,5 mingdan ortiq xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Bu yerda ishlash istagini bildirgan xotin-qizlar malaka toifasiga ajratilib, ular hududlardagi kasb-hunar kollejlari bazasida qisqa muddatli o‘quv kurslarida o‘qitiladi.
Masalan, Payariq tumani Fidokor mahallasidagi yirik tikuvchilik korxonasi ishga tushirilishi bilan 150 nafar xotin-qiz o‘z ish o‘rniga ega bo‘ladi.