Samarqand viloyatida nega rahbarlar almashinuvi tez-tez sodir bo‘layotir?

Diqqat O‘zAda yangi loyiha! “BIR SAVOLGA BIR JAVOB”

 “Bir savolga bir javob“ loyihasida mamlakatimiz vazirlik va idoralari rahbarlari, viloyat hokimlarining O‘zA savoliga javoblari berib boriladi.

Ushbu loyihaning birinchi mehmoni:

 Erkinjon Turdimov

Samarqand viloyati hokimi  

vazifasini bajaruvchi

— Samarqand viloyatida ham keyingi yillarda rahbarlar almashinuvi tez-tez sodir bo‘layotir. Bu holatni qanday izohlaysiz?

 — Barchamizga ma’lumki, islohot – bu yangilanish, o‘zgarish degani. Islohotlar ijobiy natija berishi uchun, avvalo rahbarlarimiz o‘zgarishi kerak.

Bu maqsadga erishish uchun birinchi navbatda, barcha darajadagi rahbarlar o‘z faoliyatini tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik asosida tashkil etishlarini bugun hayotning o‘zi talab etmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 dekabr kuni Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida ham, xalq bilan uzluksiz muloqot va inson manfaatlari uchun xizmat qilish, barcha darajadagi rahbarlar uchun nafaqat majburiyat, balki hayotiy tamoyilga aylanishi shartligi ta’kidlab o‘tildi.

Rahbar, o‘zining odob-axloqi va madaniyati bilan hammaga o‘rnak bo‘lishi, qonun va adolat ustuvorligiga so‘zsiz rioya qilishi, mas’uliyatni chuqur his etishi, shaxsiy javobgarlikni oshirishi, tegishli bilim, tajriba va malakaga ega bo‘lishi, eng muhimi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymasdan o‘z atrofiga sog‘lom fikrlovchi, izlanuvchan, tadbirkor va ishbilarmon kishilarni jalb etgan holda xalq bilan o‘zaro hamkorlikda ish yuritishi lozim.

Bugun, ana shu talablarga javob bermaydigan rahbarlardan biz istaymizmi yoki yo‘q voz kechish davri keldi. E’tiborlisi, ko‘p hollarda bugungi kun talabiga javob bermaydigan ayrim rahbarlarimiz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajara olmasligini anglab yetgan holda o‘z tashabbuslari bilan vazifalaridan ozod etishni so‘rab murojaat etishmoqda.

Bu esa, viloyatning barcha darajadagi rahbarlaridan hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi hayoti darajasi va sifatini oshirish borasida shaxsiy mas’uliyatni oshirishni, ijro intizomini yanada mustahkamlash zarurligini va “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak“ degan g‘oyani faoliyatimizning asosiy mezoniga aylantirgan holda, birinchi rahbarlar faqat kabinetda o‘tirmasdan, joylarga borib, aholini bezovta qilayotgan eng dolzarb muammolarning amaliy yechimi bilan shug‘ullanishini taqozo etadi.

Iqtisodiyotimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda rahbarlar oldiga ulkan vazifalar qo‘yilayotgan bir paytda, shubhasiz o‘z vazifasini talab darajasida bajara olmayotgan shaxslar boshqa ishga o‘tkazilishi davom etadi va albatta bu tabiiy hol hisoblanadi.

O‘zA.