Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyatidagi sudlar birinchi chorakda qanday ishladi?

Samarqand viloyati sudlari tomonidan joriy yil birinchi chorakda odil sudlovni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyati yuzasidan brifing o‘tkazildi.

Unda viloyat sudi raisi Olim Hayitov hamda o‘rinbosarlari, viloyat ma’muriy sudi raisi Tohir Fayziyev hisobot davridagi faoliyat bo‘yicha axborot berdi.

O.Hayitovning qayd etishicha, yilning dastlabki uch oyida viloyat, tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 1494 nafar shaxsga nisbatan 1215 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan. Shundan 853 ta ish bo‘yicha 1105 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarilgan. 362 nafar shaxsga nisbatan 389 ta ish tugatilgan. Ko‘rib tamomlangan ishlarda sudlangan shaxslarning 139 nafarini ayollar (5 nafari muqaddam sudlangan) hamda 941 nafarini erkaklar (67 nafari muqaddam sudlangan) tashkil etadi.

Sudlanganlarning 276 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 354 nafariga ozodlikni cheklash, 350 nafariga axloq tuzatish ishlari, 80 nafar shaxsga jarima jazosi tayinlandi.

Shu bilan birga sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari bo‘yicha 175 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi. Viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 3 ta jinoyat ishi bo‘yicha 3 nafar shaxs oqlandi. 346 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 371 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi.

Jazoni ijro etish manzil koloniyalaridan 166 nafar shaxs tayinlangan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli va jazo yengilrog‘iga almashtirilib, qamoqdan ozod qilindi.

Viloyat sudlariga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida 344 nafar shaxsga nisbatan iltimosnomalar kelib tushgan bo‘lib, 343 tasi qanoatlantirilgan, 1 tasi rad qilingan.

- Shuni afsus bilan qayd etish lozimki, yilning birinchi choragi davomida qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish bilan sudlanganlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 nafarga, qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan sudlanganlar 28 nafarga, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyati uchun sudlanganlar 30 nafarga, shuningdek, firibgarlik uchun sudlangangan 87 nafarga va o‘g‘rilik qilganlar 22 nafarga ko‘paydi, – dedi O.Hayitov. – Ushbu toifadagi ishlar bo‘yicha viloyat sudi tomonidan alohida reja ishlab chiqilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

O‘tgan davrda viloyat sudining apellyasiya instansiyasi sudlov hay’atlarida 236 nafar shaxsga nisbatan 174 ta ishlar ko‘rilib, 159 nafar shaxsga nisbatan 120 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan, 58 nafar shaxsga nisbatan 41 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan, 19 nafar shaxsga nisbatan 13 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari bekor qilingan.

Samarqand viloyat, tuman (shahar) sudlari tomonidan 2022 yilning 1 yanvardan 31 martga qadar bo‘lgan davrida ko‘rilgan ma’muriy ishlari bo‘yicha jami 12 milliard 562 million 835 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. Ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, ayrim turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan keskin oshgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari birinchi instansiyasida 10408 ta fuqarolik ishlari ko‘rib tamomlangan. Tamomlagan ishlarning 283 tasi mehnat nizolari bilan, 3131 tasi oila nizolari, 660 tasi uy-joy nizolari bilan bog‘liq bo‘ldi. Nikohdan ajratish bilan bog‘liq 1894 ta fuqarolik ishlarining 1026 tasi qanoatlantirilgan, 695 ta da’vo rad etilgan.

Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda shahar, tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 2286 ta iqtisodiy ishlar mazmunan ko‘rilib hal etilgan. Jumladan, 1952 ta da’vo qanoatlantirilgan bo‘lsa, 138 ta da’vo rad qilingan, 37 ta da’vo ariza ko‘rmasdan qoldirilgan, 59 ta ish yuritishdan tugatilgan.

- Hisobot davrida viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 269 ta ma’muriy ish ko‘rib tamomlandi, – dedi T.Fayziyev. – Ularning 130 tasi qanoatlantirilib, 100 tasi rad etildi. Jumladan, tuman, shahar hokimliklarining qarorlarini bekor qilish bilan bog‘liq 102 ta ish ko‘rilib, 51 ta qaror haqiqiy emas, deb topildi. Shuningdek, 47 ta ish bo‘yicha tuman, shahar FHDYo bo‘limlari mansabdor shaxslariga majburiyat yuklatish to‘g‘risida hal qiluv qarorlari chiqarildi. 14 ta ish bo‘yicha byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limlari mansabdor shaxslarning harakatlari qonunga xilof, deb topilib fuqarolarning huquqlari tiklandi.

Brifingda sudyalar korpusini shakllantirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, sud tizimida rahbarlik lavozimlariga tayinlashda saylanish va hisobdorlik kabi demokratik tamoyillarni joriy etish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.