Samarqand xalqaro aeroportida parvozlar jadvalini real vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyati yaratildi
O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi saytining interaktiv xizmatlar bo‘limida harakatlar jadvali kategoriyasi orqali Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti va Samarqand xalqaro aeroportlari parvozlar jadvalini real vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyati yaratildi.
Hozirda ushbu bo‘lim orqali yuqoridagi ikkita aeroportning xalqaro va mahalliy yo‘nalishlardagi aviaqatnovlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot olish mumkin. Yaqin vaqt orasida esa qolgan barcha xalqaro aeroportlar parvozlar jadvalini ham kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, ushbu bo‘limdan yo‘lovchilar “Toshkent” avtovokzalidan amalga oshirilayotgan shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlardagi avtobus qatnovlari to‘g‘risida ham ma’lumotlar olish mumkin. Elektron biletlar bo‘limida esa “Toshkent” avtovokzalidan harakatlanayotgan shaharlararo mahalliy yo‘nalishlardagi avtobus qatnovlariga chiptalarni onlayn xarid qilish imkoniyati mavjud. Hozirda mamlakatimizning barcha hududlaridan chiptalarni onlayn xarid qilish imkoniyatini taqdim etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu bo‘limda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning mahalliy va xalqaro yo‘nalishlardagi poyezdlar harakat jadvalini ham kuzatish imkoniyati bor.
Avtotransportda xalqaro yuk tashuv xizmatlari bilan shug‘ullanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida xorijiy, ko‘p tomonlama ruxsatnomalarga milliy tashuvchilardan buyurtmalarni onlayn tarzda qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro yo‘nalishda yuk tashish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan tashuvchilar endi Respublikamizning istalgan hududidan, o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda arizalarni elektron tarzda jo‘natish imkoniga egadir.
2020 yilning yanvar oyidan esa avtomobil transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini amalga oshrish uchun litsenziya va litsenziya kartochkalarini elektron shaklda rasmiylashtirish tizimi ishga tushiriladi.