Aeroport: Yo‘lovchilar orasida PZR-testini qalbaki ma’lumotnoma asosida olganlar ham bor
Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan yurtimizga kirib kelayotgan barcha shaxslar havo yoki temir yo‘l qatnovida ro‘yxatdan o‘tishdan oldin so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga PZR-testini topshirishi hamda manfiy tahlil natijasiga ega bo‘lishi kerak. Biroq amaliyot respublikamiz hududiga qalbaki ma’lumotnomalar bilan kirishga urinayotgan fuqarolar ham borligini ko‘rsatmoqda.
Xo‘sh, bu holatda qanday yo‘l tutiladi? Umuman, bugun yurtimizning havo darvozalari orqali kirib kelayotgan yo‘lovchilarni koronavirusga tekshirish tartibi qanday?
Aeroport qoshidagi sanitariya-karantin bo‘limi mudiri Shodi Narziyev bilan bo‘lgan suhbatimizda shu va boshqa muhim savollarga javob berildi.
- Ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy davlatlarda koronavirusning yangi, yanada yuqumliroq shtamplari paydo bo‘lganligi haqida jar solinmoqda. Bu viruslar yurtimizga kirib kelishining oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilgan?
- Savolga Samarqand xalqaro aeroportida epidemiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar misolida javob berishga harakat qilaman. Ayni kunda bo‘limimizga 2 nafar epidemiolog shifokor va 9 nafar yordamchi epidemiologlar jalb qilingan. Aerovokzalda yo‘lovchilarning tana haroratini masofadan o‘lchovchi maxsus uskuna, belgilangan joylarda sanitariya-gigiyena vositalari joylashtirilgan. Bu yerda yo‘lovchilarni koronavirusga tekshirish ishlari bir necha navbatga bo‘lingan holda har kuni, 24 soat davomida olib boriladi. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, Samarqandga kelgan yoki boshqa manzilga uchib ketayotgan yo‘lovchilarning birortasi e’tibordan chetda qolmaydi. Aytaylik, havo qo‘nalg‘asiga xorijiy davlatdan navbatdagi maxsus (charter) qatnov amalga oshirildi. Samolyot belgilangan joyga kelib to‘xtagach, unga birinchi bo‘lib navbatchi epidemiolog shifokor ko‘tariladi. Samolyot kuzatuvchisi shifokorga yo‘lovchilarning salomatligi haqida axborot beradi. Agar parvoz vaqtida biror yo‘lovchining tobi qochgan yoki tana harorati ko‘tarilgan bo‘lsa, u zudlik bilan yakkalanadi. Aeroportning tibbiyot bo‘limi shifokorlari yo‘lovchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, salomatligining yomonlashishi sabablarini o‘rganadi. Bemorda koronavirus alomatlari sezilsa, bu haqda zudlik bilan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga xabar beriladi. Bunda yo‘lovchida manfiy ko‘rsatgichli PZR-testi ma’lumotnomasi bor bo‘lsa-da, u inobatga olinmaydi. Albatta, mahalliy aviaqatnovlardan foydalanayotgan yo‘lovchilardan bunday ma’lumotnoma talab qilinmaydi. Biroq ularning ham salomatligi belgilangan tartibda nazorat qilib boriladi.
- Xorijiy davlatlarda PZR-testi tahlili bilan asosan xususiy laboratoriyalar shug‘ullanmoqda. Ularning orasida noxolislari ham bo‘lishi mumkin-ku. Qolaversa, xorijda bo‘lib qaytgan ba’zi fuqarolarimiz u yerda qalbaki ma’lumotnoma tayyorlab beruvchi “hojatbaror”lar ham borligini aytishmoqda.
- Jahondagi epidemiologik vaziyat qisman barqarorlashib, ayrim davlatlar o‘rtasida aviaqatnovlar tiklana boshlagach, xalqaro aeroportlarda yo‘lovchilarga PZR-testining manfiy tahlil natijasiga ega bo‘lish sharti bilan xizmat ko‘rsatila boshlandi. Albatta, bu ayrim “uddaburonlar” uchun juda qo‘l keldi. Xususan, yurtimizga Samarqand xalqaro aeroporti orqali kirmoqchi bo‘layotgan yo‘lovchilar orasida ham qalbaki ma’lumotnoma bilan kelganlar uchrab turibdi. Yaqingacha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan xalqaro aeroportlar orqali respublikamizga kirib kelayotgan barcha yo‘lovchilar, ularda PZR-testi ma’lumotnomasi bo‘lishidan qat’iy nazar o‘z hisobidan koronavirusga ekspress-test topshirishi tartibi belgilanishiga sabab ham shu edi. Biroq joriy yilning 15 martidan bu tartib bekor qilindi. Sababi, endi mamlakatimizga kirmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilarga faqat rasmiy faoliyat yuritayotgan, ishonchli laboratoriyalarda PZR-testini topshirish sharti qo‘yildi. Boshqa, shubhali laboratoriyalardan olingan ma’lumotnomalar esa haqiqiy emas, deb topiladi va bunday ma’lumotnomaga ega yo‘lovchilar uchish amalga oshiriladigan aeroportning o‘zida samolyotga qo‘yilmasligi kerak.
- Demak, ayni kunda Samarqand xalqaro aeroporti orqali yurtimizga kirmoqchi bo‘layotgan yo‘lovchilar orasida qalbaki ma’lumotnomalilari yo‘q?
- Afsuski, bunday deya olmayman. Ko‘rilayotgan barcha choralar, ogohlantirishlarga qaramay PZR-testining qalbaki yoki muddati o‘tgan ma’lumotnomasi bilan kelayotgan yo‘lovchilar hamon uchramoqda. Joriy yilning o‘tgan vaqtida bu 37 nafar yo‘lovchida kuzatildi. Ajablanarlisi, ularning orasida umuman PZR-testini topshirmagan, laboratoriya ma’lumotnomasini olmaganlari ham bor. Bundan xulosa shuki, biz har qanday holatda ham hushyorlik va ogohlikni yo‘qotmasligimiz kerak. Mas’uliyatsizlik qilsak, bir parcha qog‘ozga ishonib harakat qilsak, COVID-19 ni hech qachon yenga olmaymiz.
- Qalbaki ma’lumotnomalar qanday aniqlanadi? Har bir hujjatni sinchiklab tekshirish, surushtiruv olib borish yo‘lovchilarning aerovokzalda uzoq ushlanib qolishiga sabab bo‘lmaydimi?
- Bo‘limimiz xodimlari xorijiy davlatlardagi ishonchli hisoblangan laboratoriyalar ro‘yxati bilan tanishtirilgan. Qolaversa, haqiqiy ma’lumotnomalarda uni taqdim qilgan laboratoriyalarning yuridik nomi, manzili va QR-kodi bo‘lishi kerak. Qalbakilarida esa buning aksi, laboratoriya haqida deyarli ma’lumot topmaysiz. Shunindek, bu ma’lumotnomalar rus yoki ingliz tilida yozilgan bo‘lishi shart. Agar hujjatning haqiqiyligiga gumon qilsak, yo‘lovchi bilan alohida suhbat qilib, testni qayerda, qanday tartibda topshirganligini so‘raymiz. Ko‘p hollarda shu tadbirning o‘zi qoidani chetlab o‘tmoqchi bo‘lgan yo‘lovchining o‘z aybiga iqror bo‘lishi uchun yetadi. Bahsli holatlarda ma’lumotnomalar qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkaziladi.
- Qalbaki, muddati o‘tgan ma’lumotnoma yoki umuman, ma’lumotnomasiz kelgan yo‘lovchilarning taqdiri nima bo‘ladi?
- Belgilangan tartibga ko‘ra, har bir yo‘lovchi parvoz vaqtida mamlakatimizga kirib kelganidan so‘ng 14 kunlik uy karantinida bo‘lish haqida majburiyatnoma yozadi. Unda yo‘lovchining karantinni o‘tkazish manzili, telefon raqami, pasport va boshqa zarur ma’lumotlari aks etishi kerak. Shu bilan birga, ular karantin talablarini buzganlik uchun qonunchiligimizda javobgarlik belgilanganligi to‘g‘risida ham ogohlantiriladi. Ma’lumotnomasi qalbaki yoki umuman bunaqa hujjati yo‘q yo‘lovchilar masalasiga kelsak, ular qo‘shimcha ravishda aerovokzalda o‘z hisobidan PZR-testini topshiradi. Mazkur test Samarqand shahridagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazining virusologiya laboratoriyasida tahlil qilinadi. Jarayon ma’lum muddatni talab qilishi sababli, agar test topshirgan fuqaroda koronavirus alomatlari bo‘lmasa, u tilxat asosida yashash manzilida 14 kunlik uy karantinida bo‘lish sharti bilan aerovokzaldan chiqariladi. Shuningdek, har bir aviaqatnovdagi yo‘lovchilar haqidagi ma’lumotlar viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi qoshida tashkil etilgan aviaguruhga yuboriladi. Guruh bu ma’lumotlarni o‘rganib, fuqarolar yashash manzilidagi mas’ul idoralarga yetkazadi. Shunday tartibda har bir yo‘lovchining karantin qoidalariga amal qilishi nazoratga olinadi.
“Samarqand xalqaro aeroporti” MChJ axborot xizmati.