“Mfaktor” asoschilari va taniqli zamonaviy biznes vakillari samarqandlik yosh tadbirkorlarga "master-klass" o‘tdi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 20 avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda Samarqand viloyatida yosh tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bu borada viloyatda o‘ziga xos tajriba yaratish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Ushbu topshiriqdan kelib chiqib, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Samarqandda bo‘lib, yosh tadbirkorlar, viloyat rahbarlari bilan uchrashdi.
Jumladan, Urgut tumanida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga kirgan korxonalar, yosh tadbirkorlarning faoliyati bilan tanishuv chog‘ida bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
“Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi, “Urgut micro metal” hamda “SN GROUP” korxonalarini boshqarayotgan, ushbu maskanlarda mehnat qilayotgan yoshlar Samarqandni yosh tadbirkorlar makoniga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi, ishbilarmonlik qobiliyatiga ega yigit-qizlar ko‘pligi ta’kidlandi.
– Faoliyat ko‘rsatish uchun joy, kredit masalalarida yordam berilsa, zamonaviy biznes tamoyillari o‘rgatilsa, Samarqandda, xususan, Urgutda tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan yoshlar juda ko‘p, – deydi “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi ta’sischisi Majidxon Islomov. – Shu yilning aprel oyida davlatimiz rahbari viloyatimizga tashriflari chog‘ida Samarqandning barcha tuman va shaharlarida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining filiallari tashkil etilishini aytgan edilar. Bu ham yosh tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyat bo‘ladi. Biz ham bu imkoniyatdan foydalanib, tumanimizdagi mahallalarda, boshqa tumanlarda korxonamiz filialarini ochmoqchimiz. Va asosan, yoshlarni ishga qabul qilib, ularga hunar, shu bilan birga tadbirkorlikni o‘rgatamiz.
Shuningdek, ishchi guruh Samarqand “Kelajak liderlari” klubi a’zolari bilan suhbatlashib, viloyatda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev, “Mfaktor” asoschilari Hasan va Husan Mamasaidov hamda mamlakatimizning taniqli tadbirkorlarining samarqandlik yosh tadbirkorlar hamda ushbu sohani boshlash istagidagi yoshlar bilan uchrashuvida ham ko‘plab takliflar eshitildi.