Samarqandda 10 oyda 170 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi
Hozirgacha viloyatimizda xorijiy investitsiyalar ishtirokida 500 dan ortiq korxona tashkil etilgan. Birgina, 2019 yilning o‘tgan 10 oyida 170 million dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Investorlar huquqlarini himoya qilish va muammolariga yechim topish maqsadida haftaning chorshanba kunlari “Investitsiya kuni” tadbirlari o‘tkazilib, hozirgacha 300 dan ortiq murojaat qabul qilindi va har bir masala tezkorlik bilan hal etilmoqda.
Bu to‘g‘risida viloyat Matbuot uyida viloyat hokimining o‘rinbosari Oybek Xodjayev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
- Urgut erkin iqtisodiy zonasida 59 investor tomonidan 228,4 million dollarlik 67 ta loyiha ishga tushirilishi hisobidan 4489 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 348 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilmoqda, - deydi O.Xodjayev. - Shundan 45 million dollarlik tovarlar eksportga chiqarilishi belgilangan. Hozirgacha 112,5 million dollar sarmoya kiritilib, 35 ta loyiha ishga tushirildi. Yilning o‘tgan 10 oyida mazkur korxonalarda 618 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 19,1 million dollarlik tovarlar eksportga chiqarildi.
Albatta, sarmoya kiritish istagidagi tadbirkor tayyor binoda ishlab chiqarishni boshlashni istaydi. Shuning uchun viloyatimizdagi 2755 ta bo‘sh turgan binolar xatlovdan o‘tkazilib, xususiy mulkdorlarga tegishli bo‘lgan 1048 ta ob’yektni ishga tushirish uchun qiymati 1 trillion 268 milliard so‘mlik investitsiya loyihalari ishlab chiqildi. Hozirgacha ushbu ob’yektlarda 378 milliard so‘mlik 495 ta loyiha foydalanishga topshirilishi hisobidan 2 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
O‘.XUDOYBERDIYeV.