Samarqandda 11 oyda 6850 nafar bola gepatit “A” kasalligini yuqtirib olgani ma’lum qilindi
Qator yuqumli kasalliklar tarqalishining omillaridan biri maktab va bog‘chalardagi hojatxonalar, qo‘l yuvish moslamalari sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligida.
Viloyat sanitariya-epidemiologik ocoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida ro‘yxatga olingan 39 turdagi yuqumli kasalliklardan 16 turi qayd etilgan.
Jumladan, qizamiq, zaxm, gonariya, qo‘tir va yana ikki turdagi yuqumli kasalliklar soni oshgan.
- Tahlillar natijasiga ko‘ra, joriy yilning 11 oyida 7860 holatda o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari aniqlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,7 foizga kamaygan, - deydi viloyat sanitariya-epidemiologik ocoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zoyir Mo‘minov. - Shuningdek, ushbu davr mobaynida 9854 holatda virusli gepatitning “A” turi aniqlangan va o‘tgan yilga nisbatan kasallik 23 foizga kamaygan. Biroq Narpay, Samarqand, Paxtachi va yana bir nechta tumanlarda kasallik soni ko‘paygan. Virusli gepatitni yuqtirganlarning 6850 nafarini maktab va bog‘cha yoshidagi bolalar tashkil etmoqda. Hozirda bunday kasallik bilan og‘rigan bemorlar alohida izolyasiya qilinib, davolash va vaksinatsiya ishlari olib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, virusli gepatitning “A” turini asosan bolalar yuqtirib olishining asosiy sababi – aksariyat maktab va bog‘chalar hamda ushbu ta’lim muassasasidagi hojatxonalar, qo‘l yuvish moslamalari sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Shu bilan birga, viloyatda milliy emlash kalendar rejasi asosida 13 turdagi kasallikka qarshi 90 foizdan ziyod aholi emlangan. Biroq virusli gepatitga qarshi emlash mazkur dasturga kiritilmagan. Shu bois ota-onalarning o‘zi farzandlarini virusli gepatitga qarshi emlatgani maqsadga muvofiq.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, virusli gepatitga qarshi kurashishning asosiy choralaridan biri emlash bo‘lib, bolalarni 18 oylikdan 14 yoshgacha emlash mumkin. Bir marta kasallikka qarshi emlangan kishi 15-20 yilgacha gepatitdan himoyalanadi.