Paxtachida ikki oyda 35 nafar bolada virusli gepatit aniqlangan
Tumanda aholi salomatligini muhofaza qilish, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish hamda sanitariya nazorati bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilyapti?
Bu haqda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan Paxtachi tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi faoliyati hamda tumanda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-turda javob izlandi.
Tumanda aholining sanitariya epidemiologik xotirjamligini ta’minlash, yuqumli kasalliklarni erta aniqlash maqsadida bakteriologik va parazitologik laboratoriyalarga 20 turdagi 65 million so‘mlik asbob-uskuna, zarur dori-darmon hamda reaktivlar berilgan.
- O‘tgan yil fuqarolardan olingan 56 ming 710 ta laboratoriya tekshiruv tahlillari natijasiga ko‘ra, tumanda yuqumli kasalliklarning 22 turi qayd qilingan, - deydi tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘lim boshlig‘i Muxtor Rasulov. – Kasalliklar asosan bolalarda kuzatilgan bo‘lib, ming nafardan ziyod bolada parazitar - 366 tasida geminalipidoz, 645 tasida entirabioz kasalliklar aniqlangan.
Joriy yilning ikki oyida esa epidemiologik retrospektiv tahlillar natijasiga ko‘ra, tumanda 14 ta yuqumli kasallik qayd etilgan bo‘lib, asosan virusli gepatit kasalligi bolalarda ko‘p uchramoqda. Xususan, shu davrda 35 nafar bolada virusli gepatitning “A” turi aniqlangan. Hozirda bunday kasallik bilan og‘rigan bemorlar alohida izolyasiya qilinib, davolash va vaksinatsiya ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda ushbu virusga qarshi kurashishning asosiy choralaridan biri emlash bo‘lib, bir marta kasallikka qarshi emlangan kishi 20 yilgacha gepatitdan himoyalanishi mumkin.
Press-tur davomida tuman sanitariya bo‘limi tomonidan mahalla, bozorlar, maktab va bog‘chalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishildi.
- Tumanda 20 dan ortiq mahalladagi xonadonlarda dezinfeksiya, sanitariya targ‘ibot ishlari olib borildi, - deydi viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Latif Rustamov. - Boshqarma va uning tuman bo‘limi mutaxassislari hamkorligida o‘tkazilgan o‘rganish davomida artizian quduqlaridan olingan suv, bakteriologik va ximik tahlillar mutaxassislar tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilib, tegishli xulosalar aytildi. Shuningdek, aholi tomonidan iste’mol qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish maqsadida namunalar olinib, sanitariya qoidalariga amal qilish tushuntirildi va tarqatma materiallar berildi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.