Samarqandda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar 13 turdagi yuqumli kasallikka qarshi emlangani ma’lum qilindi

Dunyo bo‘ylab har yili aprel oyining oxirgi haftasida jahon immunizatsiya haftaligi o‘tkazib kelinadi. O‘zbekistonda ham bu tadbir joriy yilning 24-30 aprel kunlari o‘tkazildi. Oldini olish mumkin bo‘lgan 13 turdagi yuqumli kasallikka qarshi immunizatsiya tadbirlari milliy emlash kalendariga asosan amalga oshirilmoqda.

Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, immunizatsiya haftaligi doirasida viloyatda mavjud 422 ta emlash punktlari barcha turdagi vaksinalar bilan to‘liq ta’minlangan. Aholi qayerda yashashidan qatiy  nazar, hohlagan punktga murojaat qilib emlanish huquqiga ega.

Haftalik doirasida viloyatda Rotavirus infeksiyasiga qarshi “Rotasiil” vaksinasi bilan 25 560  nafar, qizamiq, qizilcha, tepkiga qarshi KPK vaksinasi bilan 8233 nafar, qizamiq va qizilchaga qarshi alohida KK vaksinasi bilan 6796 nafar, pnevmokokk infeksiyasiga qarshi “Pnevmokokk” vaksinasi bilan 14 885 nafar bolalar emlangan.

Shuningdek, belgilangan yosh toifasidan kelib chiqib poliomiyelit, ko‘k yo‘tal, bo‘g‘ma, qoqshol, XIB, virusli gepatit V, sil kasalliklariga qarshi emlashlar o‘tkazilgan.

- Immunizatsiyaning samarasi Samarqand viloyatida qizamiq, qizilcha, shol, ko‘k yo‘tal, qoqshol, bo‘g‘ma kasalliklari, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida virusli gepatit V kasalligi qayd etilmayapti, - deydi Samarqand viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bosh immunologi Shoira Xalilova. -  Tepki kasalligi, pnevmokok, roto, XIB infeksiyalar bilan kasallanish keskin kamaygan. 2019 yildan boshlab, viloyatda 9 yoshli o‘smir qizlarimiz bachadon bo‘yni saratoniga qarshi VPCh vaksinasi bilan ham emlanmoqda. Aprel oyidan boshlab viloyatda 40 mingdan ortiq qizlar emlash punktlarida, maktablardagi tibbiy xonalarda 2-tur VPCh vaksinasi bilan emlanish ishlari olib borilmoqda. Viloyatda ishlatilayotgan barcha vaksinalar xavfsizlik sertifikatiga ega va har yili o‘qitilib, tayyorlangan maxsus tibbiy xodimlar, yani vaksinatorlar emlash ishlarini amalga oshirmoqda.

Ta’kidlanishicha, ushbu vaksinalar bilan qamrab olish viloyatda 97 foizdan yuqori.