Samarqandda 19820 ta davlat tili qoidalariga mos kelmaydigan tashqi reklama va peshlavhalar aniqlandi

2020 yil 21 oktyabr kuni Davlat tiliga o‘zbek tili maqomi berilganiga 31 yil to‘ladi. Samarqand viloyatida bayramga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda va qanday ishlar amalga oshirildi?

Samarqand viloyatida ham bayramga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Jumladan, viloyatda 79398 ta tashqi reklama, peshlavha va boshqa axborot matnlari mavjud bo‘lib, 19820 tasi bugungi kunda davlat tili qoidalariga mos kelmasligi aniqlandi. Shundan 5981 tasi peshlavha, 6921 tasi reklama hamda 6918 tasi boshqa axborot matnlari bo‘lib, bu kamchiliklar shahar va tuman ishchi guruhlari tomonidan bartaraf etilmoqda. Korxona, tashkilot va muassasalarda ish yuritish hujjatlari viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda muntazam tekshiruv ishlari olib borilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar borasida korxona, muassasa va tashkilot rahbarlariga tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda viloyatimizning 16 ta shahar va tumanlarida 70 dan ortiq davlat tilini madh etuvchi shiorlar o‘rnatilmoqda. Bu kabi ishlar muntazam amalga oshirilib boriladi.

Sherali TEMIROV,

Samarqand viloyati hokimi maslahatchisi.