Samarqandda 2020 yil g‘alla xirmoniga tayyorgarlik boshlandi

Tajribali dehqonlar g‘alladan yug‘ori hosil olishning birinchi sharti vaqtida yerga urug‘ qadash va uni qish mavsumigacha undirish ekanligini yaxshi bilishadi. Samarqand g‘allakorlari ham kelgusi yil hosili uchun 102 ming 730 gektar maydonga boshoqli don ekinlarini ekish tadorigini hozirdan ko‘rmoqda. G‘alla urug‘i 51 823 gektar ochiq maydonga va 50 907 gektar g‘o‘za qator orasiga ekilishi belgilangan.

Hozirda hududlar va fermerlar kesimida yer tayyorlashdan tortib sug‘orishgacha bo‘lgan agrotexnik tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Shu asosda dastlab tumanlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib g‘allaning serhosil, istiqbolli, kasallik va zararkunandalar hamda suvsizlikka chidamli bo‘lgan “Zvezda” (10,2 ming gektar), “Grom” (13,8 ming gektar), “Yaksart” (1,1 ming gektar), “Yuka” (8,5 ming gektar), “Andijon-2” (9,6 ming gektar), “Davr” (6,3 ming gektar), “Antonona” (5,7 ming gektar), “G‘ozg‘on” (5,2 ming gektar), “Bezostaya-100” (3,4 ming gektar), “Vassa”(10,2 ming gektar) va boshqa (28,6 ming gektar) navlari tanlab olindi.

Talab etiladigan 25 103 tonna don o‘rniga 33 902 tonna urug‘lik don davlat standartlari asosida tozalanib, dorilash va qoplash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Ekish mavsumini sifatli va uyushqoqlik bilan o‘tkazish, mavsumni belgilangan muddatda yakuniga yetkazish uchun 15 ta g‘alla ekish shtabi, 277 ta ekish otryadi tashkil etildi. Otryadlarga 523 nafar mutaxassis, 521 nafar ta’minotchi (neft, mineral o‘g‘it, urug‘), 238 nafar yer tuzuvchi va 1768 nafar mexanizator biriktiriladi.

Tumanlarda g‘alla ekishni samarali o‘tkazish uchun 10,8 ming tonna fosforli 1400 tonna kaliyli o‘g‘itlar yetkazib beriladi. 2020 yil hosili uchun yer tayyorlash 26 avgustdan 18 oktyabrgacha rejalashtirilgan bo‘lsa, ekish ishlari 10 sentyabrdan boshlanib, 40 kunda yakunlash va noyabr oyining birinchi yarmiga qadar niholni to‘liq undirish va sug‘orishni rejali asosda olib borish belgilangan.

Viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi axborot xizmati.