Samarqandda 2021 yilda qurilish uchun 2020 yildagidan 2,6 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi

Bu haqda viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yu.Bobonazarov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishni izchil davom ettirish orqali hududlarning yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’yektlarini rivojlantirish va shu asosda aholining farovonligi hamda turmush darajasini yanada yaxshilash maqsadida Prezidentning “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari hamda 2021-2023 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishga oid, shuningdek, Samarqand shahrida turizmni rivojlantirish bo‘yicha qarorlariga ko‘ra, viloyat hududidagi 853 ta ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Bu maqsadlar uchun 2 trillion 230 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. 2020 yilda esa viloyatda 155 ta ob’yektlar qurilgan va buning uchun 861,6 milliard so‘m mablag‘ berilgan. Ya’ni, bu yil 2020 yildagidan 2,6 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.

Jumladan, ijtimoiy soha infratuzilmasini yaxshilash doirasida 443,3 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi va natijada 95 ta qishloq va mahallada 31 ta bog‘cha, 65 ta maktab, 26 ta tibbiyot muassasasi qurildi va ta’mirlandi.

 “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 28 ta qishloq va 4 ta mahallada 298,5 milliard so‘mlik qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

78 ta ijtimoiy soha ob’yektlarini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash uchun jami 129,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.