Samarqandda 21 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarida amalga oshirilgan qurilish ishlari monitoring qilinadi

Bu haqda viloyat Matbuot uyida maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, Prezidentimizning Samarqandga tashrifidan so‘ng tizimda belgilangan vazifalar, bolalarni bog‘chalarga qamrab olishda quriladigan muassasalar, ta’limning muqobil shakli, davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha tashkil etayotgan tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytildi.

Unda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Rahmonov viloyatimizda bugungi kunda 337 121 nafar maktabgacha yoshdagi bolalardan 63 foizi bog‘chalarga qamrab olingani, yil yakunigacha bu ko‘rsatgich 70 foizni tashkil etishi, qamrov darajasi eng past hududlardan Nurobod va Urgut tumanlarida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilishi, majburiy bir yillik maktabgacha tayyorlov guruhlari ochilishi haqida gapirdi. Shu bilan birga hali ham mudiralarning yo‘llanmasiz bolalarni qabul qilish holatlari, bolalarning sog‘lom ovqatlanishida yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik, noqonuniy holatlar uchrayotganini yashirmadi. Bu kabi holatlar yaqinda maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan viloyatimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida olib borilgan o‘rganishlarda ham kuzatildi.

- Biz doimiy ravishda bog‘chalarda o‘rganishlar olib boramiz, afsuski, shunda ham qonunbuzilish holatlari kuzatlimoqda, - deydi Sh.Rahmonov jurnalistlarning bergan savoli javob berar ekan. - O‘tgan yil o‘rganishlarimiz natijasida 51 nafar mudiraning ishi prokuratura tomonidan ko‘rib chiqilgan edi. Ularning 21 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Qolganlariga intizomiy jazo choralari ko‘rildi. Bu yil esa 13 nafar mudira faoliyatida qonunbuzilish holatlari kuzatildi.

Bu yil davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari yo‘q olis hududlarda bog‘chalar tashkil etiladi. Jumladan, Urgut tumanidagi Satang, Jayratepa, Chumchuqli va A’loxotin, Nurobod tumanidagi Ag‘ron va Kechkeldik mahallalarida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ehtiyoj yuqoriligini inobatga olinib, 2021 yilgi Investitsiya dasturi doirasida qo‘shimcha 6 ta yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari quriladi hamda Samarqand shahridagi Qorasuv massivida 350 o‘rinli yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha mablag‘larni ajratish choralari ko‘riladi.

Past Darg‘om, Nurobod, Urgut, Qo‘shrabot tumanlaridagi 8 ta mahallada “Aqlvoy” mobil maktabgacha ta’lim xizmatlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali 384 nafar bola bog‘chaga qamrab olinadi.

Matbuot anjumanida tizimdagi bir qator yangiliklar hamda 2021 yil 12 aprelda Prezidentimizning “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan o‘zgarishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu qarorga asosan viloyatda moliyalashtirilmagan 21 ta loyihaga 42,7 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishi hamda bu orqali 2 065 quvvat yaratilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun imtiyozli kredit mablag‘lari avval 15 yil muddatga ajratilgan bo‘lsa, yuqoridagi qarorga 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan ajratilishi belgilandi. Vazirlik ishchi guruhi tomonidan viloyatda mavjud imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilmagan 21 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarida amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlari monitoring qilinib, ularni reytingi shakllantirildi.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida boquvchisini yo‘qotgan ayollar farzandlari bepul o‘qitilishi va ularning badal pulini davlat tomonidan 2021 yil 1 maydan boshlab tegishli hududdagi 9 soatlik davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun belgilangan miqdorlarda qoplab berish amaliyoti joriy etiladi.

Jahon bankining "Bolalarni erta rivojlantirish" loyihasi doirasida 900 nafar pedagog o‘qitilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, pedagogika kollejlari bazasida “Metodik markaz” hamda Toyloq pedagogika kolleji bazasida “Ilk rivojlanish markazi” tashkil etiladi.

Nasiba Jonto‘rayeva.

***

Zamira Boltayeva olgan suratlar.