Samarqandda 2,7 ming nafardan ziyod ishsiz aliment to‘lovchining bandligi ta’minlandi

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi organlari tomonidan aliment undirish hamda oilalar manfaatlarini himoya qilish borasida 2025 yilda tizimli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, aliment oluvchilar manfaatlarini ta’minlash maqsadida 2,2 milliard so‘m naqd pul mablag‘lari oldindan to‘lov sifatida undirilishi ta’minlandi. Shuningdek, 135 nafar undiruvchiga Aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan 1 mlrd 446 million so‘mga yaqin mablag‘ to‘lab berildi.

Olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida ham salmoqli ijobiy ko‘rsatkichlarga erishildi. Mahalla “yettiliklari” bilan hamkorlikda o‘tkazilgan profilaktik suhbatlar va ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasida 6 798 ta oila yarashtirilib, oilalar tiklanishiga erishildi.

Bundan tashqari, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirlar doirasida 2 728 nafar ishsiz aliment to‘lovchi ishga joylashtirilib, ularning doimiy bandligi ta’minlandi.

Shu bilan birga, qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash maqsadida aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan 995 nafar shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 474-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, 137 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 122-moddasiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortildi.

Amalga oshirilgan mazkur chora-tadbirlar aliment undirish tizimi samaradorligini oshirish, oilalar barqarorligini ta’minlash va fuqarolarning qonuniy huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.