Samarqandda 37 ta kasb-hunar maktablari, 5 kollej va 22 ta texnikum ochildi
Viloyatdagi professional ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga jami 17780 nafar o‘quvchilarni qabul qilish rejalashtirildi. Ularning 37 tasi kasb-hunar maktablari, 5 ta kollej va 22 tasi texnikumlardir.
2020-2021 o‘quv yili uchun:
– 37 ta kasb-hunar maktablariga 634 ta korxona va tashkilotlarga zarur bo‘lgan 11353 ta ish o‘rinlariga buyurtmalar asosida 51 ta kasblar bo‘yicha 7380 ta qabul rejasi;
– 5 ta kollejga 197 ta korxona va tashkilotlarning 3234 ta ish o‘rinlariga buyurtmalar asosida 24 ta mutaxassislik bo‘yicha 1710 ta qabul rejasi;
– 22 ta texnikumga 421 ta korxona va tashkilotlarning 10482 ta ish o‘rinlariga buyurtmalar asosida 96 ta mutaxassislik bo‘yicha 8690 ta qabul rejasi shakllantirildi.
Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga berilgan 54 ta kasb-hunar kollejlaridan 27 tasining 49 turdagi o‘quv-ustaxona jihozlari hamda 36 tasining kitob fondi va kutubxona jihozlari faoliyati davom etadigan boshqa 25 ta kasb-hunar kollejlari balansiga to‘liq o‘tkazib berildi.
Davlat komissiyasi majlisining 2020 yil 1-son bayoni bilan respublikadagi kasb-hunar maktablariga hujjatlarni qabul qilish muddati belgilandi. Unga ko‘ra, 2020 yil 5 iyuldan 20 iyulga qadar kasb-hunar maktablariga joriy yil 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlarini onlayn qabul qilish jarayoni (ariza, shahodatnoma va 3×4 fotosurat) tashkil qilinadi.
Yangi tashkil qilinayotgan kasb-hunar maktablarida 9-sinf bitiruvchilariga 2 yillik umumta’lim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi ta’lim beriladi.
Kasb-hunar maktablariga joriy yilda umumta’lim maktablarining 9-sinfini bitirgan o‘quvchilar o‘qishga qabul qilinadi. Hujjatlarni qabul qilish onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Kollej va texnikumlarga joriy yilning 20 iyulidan hujjat qabul qilish boshlanadi.
Otajon NOROV,
viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi.