Samarqandda 480 mingga yaqin iste’molchiga suyultirilgan gaz yetkazilmoqda

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

Tadbir Motrid qo‘rg‘onidagi shimoliy gaz taqsimlash stansiyasida ish jarayonlari bilan tanishishdan boshlandi.

– Bu stansiyadan 191 ming iste’molchiga gaz taqsimlanadi, – deydi filial direktori o‘rinbosari, bosh muhandis Furqat Karimov. – Jumladan, Mazkur stansiya Samarqand shahridagi Qorasuv, Oqdaryo tumanining Dahbet, Payariq tumanining Imom Buxoriy aholi yashash manzillaridagi 191 ming iste’molchiga tabiiy gaz yetkazib beradi. Asosiy magistral quvurlar orqali yetkazilayotgan gazning miqdori, qancha bosimda taqsimlangani va uzatilgani bo‘yicha har soatda ma’lumotlar umumlashtirilib boriladi. Tizimning ishlashi onlayn tarzda kuzatiladi.

Press-turda ta’kidlanishicha, viloyat aholisining 45 foizi tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Bu yil o‘tgan yilning noyabr oyiga nisbatan tabiiy gaz iste’moli oshgan. Ya’ni, bir sutkaga 6 million 300 ming metr kub gaz sarflangan bo‘lsa, hozirda havoning sovuqligi oqibatida 7 million 700 metr kub gaz uzatilyapti. Bu ko‘rsatkich ba’zi kunlarda 8 million metr kubdan ham oshadi.

Jurnalist va blogerlar Payariq tumanining Yangiobod mahallasidagi “Payariq gaz to‘ldirish” shoxobchasida ham bo‘ldi. Shoxobcha orqali Payariq, Chelak, Oqdaryo va Qo‘shrabot tumanining yaqin hududidagi 140 ta mahallaning 91 ming 177 ta iste’molchilariga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

– Viloyat bo‘yicha bitta gaz to‘ldirish stansiyasi va 7 ta gaz tarqatish shoxobchalari aholiga xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi filialning suyultirilgan gazni sotish va hisobini yuritish bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Lochin Hamidov. – Shoxobchalar Payariq, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Urgut, Qo‘shrabot tumanida joylashgan bo‘lib, har birining suyultirilgan gazni yetkazish quvvati oyiga 600 tonnani tashkil etadi. Shuningdek, Nurobod tumanining Oqsoy mahallasi va Samarqand tumanning Guliston mahallasida shartnoma asosida faoliyat ko‘rsatuvchi shoxobcha mavjud bo‘lib, ularning bir oylik quvvati 500 tonnani tashkil etadi. “Samarqand gaz to‘ldirish” stansiyasi orqali esa 3 ming tonna suyultirilgan gaz aholi va ijtimoiy soha ob’yektlariga yetkazilmoqda. Xususan, viloyat bo‘yicha 480 mingga yaqin xonadonlar va ijtimoiy soha ob’yektlariga suyultirilgan gaz yetkazilyapti.

Karantin davrida Sho‘rtan va Muborak gaz ishlab chiqarish zavodlari to‘lig‘icha ishlamasligi oqibatida aholiga suyultirilgan gazni yetkazishda muammolar yuzaga keldi. Endilikda iste’molchiga suyultirilgan gaz ballonlarini 95 ta yuk avtomashinasi yordamida 45 kunda har bir xonadonga yetkazish chorasi ko‘rilmoqda. Iste’molchilarga bitta maishiy gaz ballon 22 ming 400 so‘m evaziga yetkazilyapti. Agar gaz ballon o‘rnatib berilsa, xizmati uchun 3 ming so‘m haq olinadi.

Bulardan tashqari, kecha-yu kunduz ishlovchi shtab tashkil qilingan. 23 ta tezkor avariya-ta’mirlash guruhlari joylarda yuzaga keluvchi avariya yoki texnik nosozliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan transport vositalari, asbob-uskunalar, maxsus ishchi kiyimlar va tegishli butlovchi qismlar bilan ta’minlangan. Shu kungacha gaz quvurlarida me’yoriy bosimning pasayishi oqibatida 87 ta mahalladagi tarmoqning uzoq nuqtalarida joylashgan xonadonlarga tabiiy gaz bosimi me’yordan pasayishi kuzatilmoqda.

Husan ELTOYeV.