Samarqandda 517 holatda 145 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olingan
Bu haqda Kadastr agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Fozil Xudoyqulov Zarnews.uz’ga ma’lumot berdi. Ushbu holat viloyatda joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida yer munosabatlari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan.
– Yerlarni noqonuniy egallab olish yoki yer bilan bog‘liq korrupsion holatlarga qarshi jiddiy kurashilayotgan, buning sabab va oqibatlari yuzasidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilayotgan bo‘lishiga qaramay, hali-hanuz qonunga zid holatlar qayd etilmoqda, – deydi F.Xudoyqulov. – Birgina joriy yilning olti oyida Prezidentimizning 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 517 gektar yer maydonlari, jumladan, 265 holatda 123 gektar yer uy-joy qurish maqsadida o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi. Qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan 517 ta ogohlantirish xatlari yuborildi. Natijada 181 holatda 36 gektar yer ixtiyoriy ravishda qaytarildi.
Belgilangan muddatlarda ixtiyoriy qaytarilmagan 46 gektar yer bo‘yicha fuqarolik sudlariga murojaat qilinib, noqonuniy qurilmalarni buzdirish va yer maydonlarini asl holatiga keltirish yuzasidan da’vo arizalar kiritildi. Shuningdek, 82 holatda 11,1 gektar maydondagi qonunbuzilishlar to‘g‘risida prokuratura organlariga ma’lumotlar taqdim etildi.