Samarqandda 5,5 ming gektardan ortiq yer maydonida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatiladi

2023 yil viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning 5727 gektar sug‘oriladigan  g‘alla maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yil viloyatda 394 gektar g‘alla maydonida ana shu texnologiya ishga tushirildi.

Bu haqda viloyat Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan Payariq va Narpay tumanlarida sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan press-turda ma’lumot berildi.

- Tumanda 961 gektar boshoqli don ekinlari maydonida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirilgan, - deydi Payariq tuman irrigatsiya bo‘lim boshlig‘i Ziyovuddin Jozilov. – Hozirgi kunda 30 gektar g‘alla maydonida pudrat shartnomalari rasmiylashtirilib, yomg‘irlatib sug‘orish qurilmalarini o‘rnatish ishlari boshlandi. Jumladan, tumanning Xalqobod mahallasidagi “Musabek chorva kompleksi” MChJga qarashli 4 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi to‘liq ishga tushirildi. Ushbu texnologiyaning afzalligi shundaki, g‘alladan 100 sentnergacha hosil olish va 40 foizgacha suv sarfini tejash mumkin. Shuningdek, g‘allani to‘g‘ridan-to‘g‘ri sug‘orish qudug‘iga ulab ishlatish va hosilni kimyoviy usullar bilan parvarishlash uchun qulaylik yaratadi. 

Joriy yil boshida sug‘oriladigan yerlarda suv bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, hududda kafolatli suv ta’minotini tashkil etish maqsadida Narpay tumanidagi irrigatsiya va melioratsiya ob’yektlari, 8 ta nasos stansiyasi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Maroqandsifat” MChJ klaster tashkiloti boshqaruviga berilgan. 

- Nasos stansiyalari eskirganligi sababli suv yetkazib berishda muammolar yuzaga kelardi, - deydi Narpay tuman irrigatsiya bo‘lim boshlig‘i Anvar Rahimov. – Irrigatsiya tizimi klaster boshqaruviga o‘tgach, Xitoydan yana 3 dona nasos agregati olib kelindi. Ushbu qurilmaning afzalligi o‘zimizdagi har bir agregat sekundiga 1500 kub suv chiqarib bersa, Xitoy texnologiyasi sekundiga 2000-2200 kub suv yetkazib berish quvvatiga ega. Oldin xo‘jaliklarda hosildorlik 30 sentner bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil bu ko‘rsatkich 37-40 sentnerga yetdi. Hozirgi kunda tumanda 3 ta nasos stansiyasi ishlayapti va 57 ta fermer xo‘jaligidagi 8605 gektar paxta va g‘alla maydonlariiga suv yetkazib berilmoqda.

 

Fazliddin Ro‘ziboyev.