Samarqandda 6 nafar fuqaro yerni o‘zboshimchalik bilan egalladi va 60 million so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldi

Agroinspeksiyaning Urgut tumani bo‘limi tomonidan tuman hokimining 2019 yil 9 dekabrdagi “Tumanda fermer xo‘jaliklari tomonidan yer resurslaridan samarali foydalanish, joylarda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, sug‘oriladigan yer maydonlarini muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanishni ta’minlashda xato-kamchiliklar va qonun buzulish holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi hamda fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi yer maydonlaridan maqsadli foydalanishni xatlovdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi yuzasidan monitoring tadbirlari o‘tkazildi.

O‘rganishlarda tumanning Mirzaqishloq mahallasida fuqarolar tomonidan “Toshkentboy nur ziyosi” fermer xo‘jaligining 42,1 ball bonitetli yer maydonini qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqargani ma’lum bo‘ldi. Oqibatda fuqaro A.X. 20 million 675 ming 600 so‘m, M.Z. 11 million 26 ming 500 so‘m, Sh.U. 3 million 281 ming  700 so‘m, Ye.E. 7 million 876 ming so‘m, D.J. 6 million 38 ming 300 so‘m va M.B. 11 million 26 ming 500 so‘m miqdorida davlatga zarar yetkazganligi aniqlandi.

Yer maydonini qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarishi oqibatida davlatga yetkazilgan zararni undirish yuzasidan “O‘zagroinspeksiya”ning Urgut tumani bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudiga da’vo arizalari kiritildi.

Mazkur da’vo ariza va to‘plangan hujjatlar fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi va da’vo arizasi qanoatlantirilib, javobgarlardan davlatga yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarildi.

Azamat XOLIQOV,

Agroinspeksiyaning Urgut tumani bo‘limi boshlig‘i.