Samarqandda 70331 nafar bola 1-sinfga qabul qilindi
Bugun viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov rahbarligida ZOOM platformasi orqali onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda 1-sinfga o‘quvchilarni qabul qilishning holati, yaqinda o‘tkaziladigan viloyat hamda tuman shaharlar avgust kengashlariga tayyorgarlik ko‘rish, mukammal ta’mirlash ishlari olib borilayotgan umumta’lim maktablaridagi qurilish ishlarini sifatli yakunlash kabi muhim masalalar muhokama etildi.
Ayni paytga qadar viloyat umumta’lim maktablariga 70331 nafar bola 1-sinfga qabul qilindi. Bu 2020-2021 o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan bolalarning 89,1 foizini tashkil etadi. Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Samarqand, Jomboy, Payariq, Kattaqo‘rg‘on va Narpay tumanlarida o‘quvchilarni 1-sinfga qabul qilishga doir qator muammolar mavjud. Ushbu muammolarning yuzaga kelish sabablari bo‘yicha xalq ta’limi bo‘limi mudirlari ogohlantirildi.
Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qo‘ldosh Saidov yangi o‘quv yili oldidan o‘tkaziladigan viloyat avgust kengashlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Umumta’lim maktablarida amalga oshirilayotgan mukammal ta’mirlash ishlari, ularni yangi o‘quv yiliga tayyorlash hamda belgilangan muddatlarda yakunlash bo‘yicha boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Suyarov to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, investitsiya dasturi asosida qurilish olib borilayotgan 31 ta maktabdan 14 tasida ishlar yakunlandi. Yanada 17 tasida esa davom etmoqda. Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 22 ta maktabda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari 68 foizga bajarilgan.
Samarqand viloyati xalq ta’limi
boshqarmasi axborot xizmati.