Samarqandda 74 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro kasb-hunarga o‘qitilyapti

Bugungi kunda viloyatda 64 173 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud. Ulardan mehnatga layoqatli fuqarolar 16 348 nafarni tashkil etadi. Mehnatga layoqatli fuqarolarning hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkichi Samarqand shahrida 2244 nafar, Urgut tumanida 1918 nafar, Past Darg‘om tumanida 1505 nafarni tashkil qiladi.
Bu haqda viloyat Matbuot uyida jurnalistlar uchun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Viloyatda bandligi ta’minlangan nogiron fuqarolar soni 8080 nafarni tashkil etadi, - dedi viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Najmiddin Sulaymonov. – Shundan 4490 nafari davlat va xususiy sektorlarda o‘zining samarali mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish choralarini ham ko‘ryapmiz. Hozirgi kunda Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan 74 nafar fuqaro bandlik markazlarining yo‘llanmasi asosida tikuvchi, sartarosh, oshpaz kabi kasblarga o‘qitilmoqda.
Tadbirda ta’kidlandiki, kasb-hunar markazlarida o‘qigan, o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan nogironligi bo‘lgan fuqarolarga subsidiya asosida asbob-uskuna olib beriladi. Korxona va tashkilotlarda ishlash istagini bildirganlarga ishga joylashtirish choralari ko‘riladi.