Samarqandda 8 nafar o‘qituvchi “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Bugun Samarqandda 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xalq ta’limi tizimida samarali mehnat qilgan pedagoglar ishtirok etdi.
- Otam, onam o‘qituvchi, shuning uchun ham ushbu kasb egalarining fidokorona xizmatini yaqindan bilaman, - dedi tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov. – Xalq ta’limi tizimida juda ham orqada edik, bu yilgi natijalarimizda biroz oldinga siljish bo‘ldi. Bunga erishish uchun hamma birdek harakat qildi. Nasib bo‘lsa, yangi o‘quv yilida undan ham yaxshi natijalarga erishamiz, ta’lim sifatini sizdek fidoyi, tajribali va bilimli o‘qituvchilar ko‘tarishiga ishonamiz.
Bayram tadbirida qatnashgan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva viloyatda mavjud 1260 ta maktabda mehnat qilayotgan 58 mingdan ortiq pedagoglarni kasb bayrami bilan qutladi.
- O‘sib kelayotgan yoshlarni ilm-ma’rifatli, ona yurtimizga va qadriyatlarimizga yuksak hurmat hamda muhabbat ruhida tarbiyalash, dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar etib tarbiyalashda aziz ustozlarning mas’uliyatli va sharafli mehnati har qancha tahsinu e’tirofga loyiqdir, - dedi Z.Shodiyeva.
Bayram tadbirida viloyatimiz maktablarida faoliyat olib borayotgan mahoratli, salohiyatli va ma’rifatli 8 nafar o‘qituvchi “Xalq ta’limi fidoyisi” hamda 49 nafar pedagog “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, samarali faoliyat yuritgan 31 nafar xalq ta’limi xodimlari – tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirlari, maktab direktorlari, metodistlar, direktor o‘rinbosarlari va o‘qituvchilarga faxriy yorliqlar topshirildi.
Bundan tashqari, Mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “30 yillikka 30 ta mukofot” tanlovida g‘olib bo‘lgan 30 nafar o‘qituvchi “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Ushbu tanlovda “Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi videorolik” nominatsiyalari bo‘yicha 1545 nafar o‘qituvchi ishtirok etdi.
Tadbirda xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyevaga xalq ta’limi vazirligining faxriy yorlig‘i topshirildi.
Xurshida Ernazarova.