Samarqandda aholini elektron tarzda ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Hozirgacha hududlarda mahallalar va qishloq aholi punktlari bo‘yicha xaritalar hamda sxematik rejalar kadastr bo‘limlari hamkorligida shakllantirilgan. Shu tarzda 2262 ta mahalla va qishloq aholi punktlari xaritalari to‘liq o‘rganib chiqilgan va asosiy baza yaratilgan.

Bu haqda viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Musinov zarnews.uz’ga ma’lum qildi.

Aholini ro‘yxatga olish va internetda maxsus baza yaratish hukumat rejasi asosida amalga oshirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan. Mazkur hujjatga ko‘ra, internet orqali aholini ro‘yxatga olish uchun maxsus axborot tizimi ishlab chiqilgan.

Viloyat bo‘yicha hozirgacha bu tizim orqali 823 nafar fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbirida belgilangan to‘rtta hududda 175 nafar uy joy ro‘yxatini tuzuvchi (registrator)lar, 100 nafar ro‘yxatga olish uchastka xodimlari, 254 nafar instruktorlar, 1531 nafar ro‘yxatga oluvchilar, 96 nafar birlamchi ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish markazining guruh boshlig‘i va operatorlari, jami 2156 nafar fuqarolik shartnomalari asosida yollangan yollanma ishchi xodimlar jalb etilgan.