Samarqandda aholini sportga jalb etish necha foizga oshdi?

Bu haqda viloyat Matbuot uyida viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, hududda dastur asosida badminton, stritbol, mini-futbol, “Workout” maydonchalari, velosiped hamda yurish (yugurish) yo‘lakchalari qurib foydalanishga topshirilishi natijasida bugungacha aholing sportga jalb etish qamrovi 23 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatgich 2020 yilda 19,3 foiz bo‘lgan.
- Shu yilning o‘tgan davrida barcha shahar va tumanlarda 104,35 kilometr uzunlikda “Salomatlik yo‘laklari” hamda 109,84 kilometr uzunlikda “Velosiped yo‘lakchalari” foydalanishga topshirildi. - dedi Sh.Ro‘ziyev. - Shuningdek, mahalliy byudjet, xususiy sektor mablag‘lari hisobidan 19,235 milliard so‘mga 181 ta sport inshooti va maydonchalari, xususan, vorkaut, stritbol, badminton, mini-futbol maydoni qurilib aholi ixtiyoriga berildi.
Bundan tashqari, sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida “Sport targ‘ibotchisi” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularga 20 foiz miqdorida ustama belgilandi.
Viloyatda 2020-2023 yillar davomida 6 ta namunaviy modellar asosidagi sport inshootlari quriladi. Buning natijasida hududlardagi 25 ta mahallada istiqomat qiluvchi 60 ming nafardan ortiq yoshlar sportga qamrab olinadi.
Anjumanda aytilishicha, Samarqand tajribasi sifatida “jismoniy tayyorgarlik normativlarini mahallabay” qabul qilish tizimi ishlab chiqiladi. Bugungi kunda boshqarma va tashkilotlarda, umumiy ovqatlanish joylarida, jumladan, restoran va kafelarda 1947 ta “Shaxmat burchaklari” tashkil etildi. 5 ta muhim tashabbus doirasida yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha tajriba loyihasini hududlarda amalga oshirish jadvali ham ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, ayni paytda Samarqand shahri, Oqdaryo va Paxtachi tumanidan 4 dan mahalla tanlab olingan va aholini sportga jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar bajarilmoqda.
Husan Eltoyev.