Samarqandda Amir Temurga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi
Sohibqiron Amir Temur tavalludiga 687 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida "Sohibqiron Amir Temurning jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda xalqaro Amir Temur jamg‘armasi vakillari, tarixchilar, professor-o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Adhambek Alimbekov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi rahbari Xurshid Fayziyev, SamDU professorlari Ziyodulla Muqimov, Mahkamoy Tursunova Amir Temurning jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni, Sohibqiron qoldirgan boy ilmiy meros haqida gapirdi.
- Amir Temur - buyuk shaxs, kuragi yerga tegmagan sarkarda, yirik davlat arbobi, qonunshunos, shu bilan birga el-yurtini, xalqini sevgan va uni mashhuri jahon qilgan inson, - deydi Muhammad Ali. - Amir Temurning tarixi ko‘p jildlik kitoblar yozishga arziydi. U zot siymosida xalqimizning zafarli tarixi, yuksak ilmi, ma’naviy qudrati, aql-idroki, vatanparvarligi, adolati, yaratuvchanligi, tadbirkorligi, kelajakka ishonchi va qudratini ko‘ramiz. Sohibqironning jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni ham beqiyos. Buyuk bobomiz ma’naviy qudratimiz ramzidir.