Samarqandda bir oyda 421 nafar mast haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortildi

Samarqand viloyat sudi tomonidan viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida yo‘l harakati xavfsizligi sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Viloyat IIB YHXB mas’ul xodimlari va tuman, shahar bo‘limlari ma’muriy amaliyot inspektorlari ishtirok etgan tadbirda viloyat sudi raisi o‘rinbosari O‘.Mamadaliyev, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisi J.G‘aybullayev va boshqalar sud-huquq tizimidagi keyingi yangilik va o‘zgarishlar, yo‘l harakati xavfsizligi sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqishda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimi muhokama qilindi. Bu borada sudyalar va ichki ishlar xodimlari o‘z fikrlarini bildirdi.

– Prezidentning 2020 yil 24 iyuldagi farmoniga ko‘ra, joriy yil 1 yanvardan boshlab ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazildi, – dedi O‘.Mamadaliyev. – Bu albatta, juda katta mas’uliyat. Har bir ishni sudga taqdim etish va ko‘rishda ichki ishlar xodimlari va biz, sudyalar ham qonun ustuvorligi va inson huquqlari himoya qilishini qat’iy amal qilishimiz lozim.

Tadbirdan so‘ng jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sayyor sud majlisi o‘tkazilib, transport vositasini mast holatda boshqargan fuqaro A.K.ning huquqbuzarlik ishi ko‘rib chiqildi. Sud qarori bilan unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari (5 million 575 ming so‘m) miqdorida jarima va 1 yil 6 oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan hozirgi kunga qadar Samarqand viloyati bo‘yicha 421 shaxs transport vositasini mast holatda boshqarganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ularning 29 nafariga ma’muriy qamoq, 392 nafariga esa jarima jazosi bilan birga tegishli muddatlarga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazolari tayinlangan.